add

Ilon Mask Teslaʼdagi 140 mlrd dollarlik bonusini sud orqali qaytardi

Bugun 14:282082 daqiqa

Ilon Maskka Teslaʼdagi rekord kompensatsiya paketi qayta tiklandi va bu korporativ boshqaruv hamda aksiyadorlar ta’siri bo‘yicha bahslarni yana kuchaytirdi.

Ilon Mask Teslaʼdagi  140 mlrd dollarlik bonusini sud orqali qaytardi

Ilon Mask Tesladagi eng bahsli qarorlardan biri bo‘yicha huquqiy jangda navbatdagi burilish yuz berdi. Delaver shtati Oliy sudi kompaniya rahbariga 2018 yilda berilgan aksiyalarga asoslangan kompensatsiya paketini tiklash haqida qaror chiqardi. bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu paket qiymati taxminan 140 mlrd dollarga teng.

Sud qarorining asosiy mohiyati shundaki, avvalgi instansiya — korporativ nizolarga ixtisoslashgan sud mukofotni bekor qilishda haddan tashqari keskin pozitsiya tutgan. Oliy sud xulosasiga ko‘ra, Tesla rahbariyatiga ham, Maskning o‘ziga ham «adolatli kompensatsiya» mezonlarini to‘liq asoslab berish imkoni berilmagan.

Mask uchun bu qaror faqat pul masalasi emas. U yillar davomida Teslada rasman maosh olmasdan ishlab kelganini ta’kidlab, kompaniya qiymatini keskin oshirish orqali aksiyadorlar manfaatini himoya qilganini aytib keladi. Aynan shu mantiq asosida u o‘zini «natija uchun haq oluvchi rahbar» sifatida ko‘radi.

Kompensatsiya paketi dastlab 56 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, Tesla aksiyalari o‘sishi uning hajmini bir necha barobar oshirdi. Bu holat AQSH korporativ amaliyotida rahbarlar mukofoti qanday chegaralanishi kerakligi haqidagi bahslarni yana jonlantirdi. Ayrim investorlar bu qarorni innovatsiya va risk uchun mukofot sifatida qabul qilsa, boshqalar uni korporativ boshqaruvdagi nomutanosiblik namunasi, deb hisoblamoqda.

Muhim jihati shundaki, ushbu ish Tesla’ning Delaverdan Texasga ko‘chishi, aksiyadorlar ovoz berishi va sudlar o‘rtasidagi qarama-qarshi qarorlar fonida kechdi. Bu esa AQSHda korporativ huquq muhiti qay darajada siyosiy va shaxsiy omillarga bog‘liq ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Teglar

Mavzuga oid

Ilon Mask Teslaʼdagi 140 mlrd dollarlik bonusini sud orqali qaytardi | Vaqt.uz