Ilon Mask «X Money» ishga tushirilishini anons qildi

Bugun 11:552 daqiqa

«X Money» «X»ni ijtimoiy tarmoq, moliyaviy servislar va boshqa raqamli vositalarni birlashtirgan universal ilovaga aylantirish strategiyasining asosiy elementi hisoblanadi.

Ilon Mask «X Money» ishga tushirilishini anons qildi

Dunyodagi eng boy odam Ilon Mask «X Money» to‘lov servisining tashqi beta-versiyasi yaqinda ishga tushirilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, foydalanuvchilar uchun cheklangan test sinovi bir-ikki oy ichida boshlanadi. Bu haqda Mask xAI kompaniyasi xodimlari uchun o‘tkazilgan taqdimot vaqtida so‘z ochdi.

Ishga tushirish haqida nima ma’lum?

«X Money» hozirda kompaniya ichida yopiq beta-test rejimida ishlamoqda. Keyingi bosqichda cheklangan tashqi beta-versiya ishga tushiriladi, shundan so‘ng servisni butun dunyo bo‘ylab «X» platformasi foydalanuvchilari uchun bosqichma-bosqich ochish rejalashtirilgan.

«Biz kelasi bir-ikki oy ichida cheklangan tashqi beta-testni boshlaymiz, keyin esa uni butun dunyodagi «X» foydalanuvchilari uchun ishga tushiramiz. Bu barcha pullar saqlanadigan joyga, barcha moliyaviy operatsiyalarning markaziy manbaiga aylanishi kerak. Bu haqiqatan ham inqilobiy bo‘ladi», – dedi Mask.

Uning ta’kidlashicha, «X Money» «X»ni ijtimoiy tarmoq, moliyaviy servislar va boshqa raqamli vositalarni birlashtirgan universal «hamma narsa uchun ilova»ga aylantirish strategiyasining asosiy elementi hisoblanadi. Maskning aytishicha, «X»ning o‘rtacha oylik auditoriyasi taxminan 600 million foydalanuvchini tashkil qiladi, ilovaning umumiy o‘rnatilishlar soni esa 1 milliarddan oshgan.

Shuningdek, u kompaniya yillik doimiy daromadi (ARR) 1 milliard dollardan oshganini ham ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yaqin oylarda alohida «X Chat» ilovasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi mahsulot foydalanuvchilarga asosiy «X» ilovasiga kirmasdan xabar almashish, ish stoliga birgalikda ulanish va ko‘p ishtirokchili videoqo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid