
Ilon Maskning boyligi bir zumda 84 mlrdga ko‘payib, 850 mlrd dollardan oshdi
«SpaceX» va «xAI» birlashuvi ortidan Ilon Mask dunyo tarixida ilk bor 850 mlrd dollardan ortiq shaxsiy kapitalga ega bo‘ldi.

«Forbes» hisob-kitoblariga ko‘ra, Ilon Mask boyligi ilk bor 850 mlrd dollar chegarasidan oshib, 852 mlrdga yetdi. Bu sakrash «SpaceX» va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi «xAI» kompaniyalarining birlashuvi ortidan yuz berdi. Bitim natijasida Mask kapitali bir zumda 84 mlrd dollarga oshgan.
Yangi shakllangan korporativ tuzilmaning umumiy qiymati taxminan 1,25 trln dollar deb baholanmoqda. Bu esa uni nafaqat dunyoning eng boy insoni, balki tarixdagi eng katta shaxsiy kapital sohibi sifatida ham alohida o‘ringa chiqardi.
Boylik qanday hisoblandi?
Birlashuvga qadar Mask «SpaceX» kompaniyasining taxminan 42 foiziga egalik qilgan bo‘lib, bu ulush avvalgi 800 mlrd dollarlik bahoda 336 mlrdga teng edi. Shu bilan birga, unga sun’iy intellekt startapi «xAI»ning qariyb 49 foizi tegishli bo‘lib, u so‘nggi investitsiya raundida 250 mlrd dollarga baholangan.
Birlashuvdan keyin «SpaceX» qiymati 1 trln, «xAI» esa 250 mlrd dollar etib qayta baholandi. Natijada, Mask yangi kompaniyaning taxminan 43 foizini nazorat qiladi va bu ulushning qiymati 542 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.
Boshqa aktivlar
«SpaceX» Ilon Mask portfelidagi eng yirik aktiv bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, u «Tesla» aksiyalarining taxminan 12 foiziga egalik qiladi, bu ulushning bozor qiymati 178 mlrd dollarni tashkil etadi. Qo‘shimcha ravishda, unga 124 mlrd dollarga teng aksiya opsionlari ham tegishli.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu raqamlar «Tesla» aksiyadorlari tomonidan tasdiqlangan ulkan kompensatsiya paketini o‘z ichiga olmaydi. Agar belgilangan moliyaviy ko‘rsatkichlar bajarilsa, ushbu paket kelgusi o‘n yil ichida Maskka qo‘shimcha 1 trln dollargacha aksiya keltirishi mumkin.





