
Inflyatsiya tadbirkorlar qarorlariga ta’sir qiluvchi asosiy omilga aylandi
24.07.2025 | 16:001703
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, inflyatsiya darajasi tadbirkorlar uchun eng muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanmoqda. Narx belgilashda inflyatsiya va valyuta kursining ta’siri yuqori bo‘lsa-da, YAIM o‘sishi va ishsizlik darajasi yetarli darajada inobatga olinmayapti.

Markaziy bank tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, korxonalarning 27,9 foizi inflyatsiyani eng muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkich sifatida belgilagan. So‘rovda qatnashgan har uch tadbirkordan biri narx belgilashda aynan inflyatsiya ko‘rsatkichidan asosiy omil sifatida foydalanishini bildirgan.
Valyuta kursi ham qarorlarga jiddiy ta’sir qiluvchi omil sifatida qayd etilgan — so‘rovda qatnashganlarning 27,7 foizi narx belgilashda uni muhim deb hisoblaydi. Shu bilan birga, YAIM o‘sishi va ishsizlik darajasi kabi ko‘rsatkichlar qaror qabul qilishda deyarli hisobga olinmayapti.
Iqtisodchi Otabek Baqirovning fikricha, korxonalarning aksar qismi qarorlarini shaxsiy kuzatuvlar va mavsumiy holatlar asosida qabul qilmoqda. Ular rasmiy makroiqtisodiy ma’lumotlardan emas, balki xomashyo narxlari va raqobat muhitiga ko‘proq e’tibor qaratishmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 18 foiz korxona umuman tahlilsiz qaror qabul qilmoqda. Bu esa bozordagi noaniqliklar va ma’lumotlar asimmetriyasini kuchaytiradi. Natijada, resurslarni noto‘g‘ri taqsimlash va samarasiz investitsiya qarorlari paydo bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotda yana shu aniqlandiki, rasmiy ma’lumotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasi yetarli emas. Ko‘pgina tadbirkorlar ikkinchi darajali manbalar — ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali iqtisodiy ma’lumotlarga ega bo‘lishmoqda. Bu esa ma’lumotning mazmunidan ko‘ra, uning taqdim etilish shakli va yetib borish usuli ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.





