
iPhone foydalanuvchilarini Android egalariga nisbatan aldash oson
04.08.2025 | 15:454364
Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, iPhone foydalanuvchilari internetda onlayn xavfsizlikka munosabati ancha sust va ular qallobliklarga ko‘proq uchrayotgani aniqlandi.
Malwarebytes kiberxavfsizlik kompaniyasi olib borgan global so‘rovda AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya va Shveysariyadan 1300 kishi qatnashdi. Ulardan aniqlanishicha, iPhone egalari xavfsizlik dasturlaridan kam foydalanadi, parollarni ko‘p hollarda qayta ishlatadi va shubhali onlayn do‘konlardan xarid qiladi. Mutaxassislar bu holatni Apple qurilmalarining xavfsizlik xususiyatlariga haddan tashqari ishonish bilan izohlaydi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, iPhone foydalanuvchilarining 53 foizi, Android egalarida esa 48 foizi firibgarlik qurboni bo‘lgan. Shu bilan birga, Android foydalanuvchilarining 29 foizi mobil xavfsizlik dasturlaridan foydalansa, iPhone egalarida bu ko‘rsatkich atigi 21 foizni tashkil qiladi. Parollarning unikalligini ta’minlashda ham Android foydalanuvchilari ustun – 41 foizga nisbatan iPhone egalari orasida bu ko‘rsatkich 35 foiz.
Yana bir muhim jihat – iPhone foydalanuvchilarining 47 foizi eng arzon narx taklif qilgan shubhali savdo manbalari orqali xarid qilgan. Android foydalanuvchilari orasida bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etgan. Shuningdek, iPhone egalari ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yozib, chegirma olish uchun savdogarlar bilan aloqaga chiqishga ko‘proq moyil.
Malwarebytes mahsulotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Maykl Shervud ta’kidlaganidek, mobil qurilmalar firibgarlik va kiberhujumlar uchun yirik eshik hisoblanadi. Shu bois har bir foydalanuvchi matnli xabarlardan tortib, elektron xatlardagi havolalargacha ehtiyotkorlik bilan yondoshishi zarur. Kompaniya yaqinda Scam Guard nomli sun’iy intellekt asosida ishlaydigan himoya vositasini ishga tushirdi. U shubhali kontentni aniqlab, foydalanuvchiga real vaqtda xavf haqida ma’lumot va tavsiyalar beradi.





