
Isroildagi o‘zbekistonliklar Misr va Iordaniya orqali mamlakatni tark yetishi mumkin
18.06.2025 | 11:4022933
Isroildagi xavfsizlik vaziyati keskinlashgani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatni tark etishlari uchun bir necha chegara punktlari orqali chiqish imkoniyatiga ega. Ular uchun viza va transport shartlari batafsil ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroilda bo‘lib turgan fuqarolar uchun xavfsizlik nuqtai nazaridan chiqib ketish imkoniyatlari haqida rasmiy ma’lumot e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari Isroilni mustaqil ravishda tark etishlari mumkin bo‘lgan nazorat-o‘tkazish punktlari to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda.
Misr orqali chiqish uchun «Menaxem Begin» «Taba» (Eylat – Taba) punktidan foydalanish mumkin. Bu yerda O‘zbekiston fuqarolari «Sinay kirish muhri» orqali vizasiz 14 kunlik ruxsat olishlari mumkin. Ammo ushbu muhr faqat Sinay yarim orolida bo‘lish huquqini beradi. Sharm ash-Shayx aeroporti orqali Toshkentga «UzAirways» haftasiga 3 marta, shuningdek, «Turkish Airlines» va «Pegasus Airlines» orqali Istanbul tranziti bilan uchish mumkin.
Iordaniya orqali chiqish imkoni «Shayx Xusayn» va «Isxak Rabin» «Vadi Arava» chegaralaridan bor. Bu yerdan Iordaniya poytaxti Ammanga yetib borib, «Amman – Istanbul – Toshkent» yoki «Amman – Dubay – Toshkent» yo‘nalishlaridan foydalanish mumkin. Iordaniyaga kirish uchun onlayn viza olish talab etiladi (https://moi.gov.jo).
O‘zbekiston elchixonalari fuqarolarni zarur hollarda aloqada bo‘lib turishga va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Isroil, Misr va Iordaniya bo‘yicha maxsus favqulodda telefon raqamlari va elektron manzillar ham taqdim etilgan.
Shuningdek, 21 yoshga to‘lmagan fuqarolarni faqat ota-onasidan biri hamrohligidagi holda chegaradan o‘tishga ruxsat etilishi belgilangan. Ushbu ma’lumotlar fuqarolar xavfsiz va tizimli chiqishi uchun amaliy ko‘mak sifatida tayyorlangan.





