Jaziramada ish beruvchilarga xodimlarni ochiq havoda ishlatmaslik tavsiya etildi
Mehnat inspeksiyasi kuchli issiq sharoitida ish beruvchilar bajarishi shart bo‘lgan mehnat xavfsizligi talablarini e’lon qildi. Ularga rioya etmaslik qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaDavlat mehnat inspeksiyasi O‘zbekistonda kuzatilayotgan keskin issiq va jazirama munosabati bilan ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha qator tavsiyalar berdi.
Inspeksiya ta’kidlashicha, yuqori harorat sharoitida ochiq havoda ishlaydigan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi. Shu bois ish beruvchilar zudlik bilan profilaktik choralarni ko‘rishi lozim.
Xususan, korxona va tashkilotlarga kunning eng issiq qismida tashqi ishlarni cheklash hamda xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish yuklatilgan.
Mehnat inspeksiyasiga ko‘ra, ish beruvchilar soat 11:00 dan 16:00 gacha tashqi ishlarni qisqartirishi yoki to‘liq to‘xtatishi, shu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklashi lozim.
Shuningdek, xodimlar doimiy ravishda toza ichimlik suvi, soyali yoki sovutiladigan dam olish joylari bilan ta’minlanishi, ularga yengil, havo o‘tkazuvchi va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berilishi shart.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Inspeksiya ishchilarga issiq urishi va suvsizlanish belgilari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlarini muntazam o‘tkazish zarurligini ham ta’kidladi.
Shuningdek, sog‘lig‘i yomonlashgan xodim zudlik bilan salqin joyga olib o‘tilishi, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi va zarur hollarda shifokor chaqirilishi lozim.
Mehnat inspeksiyasi ushbu talablarga amal qilish tavsiya emas, balki ish beruvchining qonuniy majburiyati ekanini eslatdi. Zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.





