add

Kadrlar siyosatidagi korrupsiya tibbiy xizmatga ham ta’sir qilmoqda

11.07.2025 | 13:4038863

«Yuksalish» harakati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining 65 foizi poliklinika yoki oilaviy shifokorlik punktlarida xizmatlardan foydalanishda tibbiyot xodimlariga pul yoki sovg‘a bermaganini ma’lum qilgan. Biroq aholi orasida hanuz norasmiy to‘lovlar va «minnatdorchilik» kabi holatlar saqlanib qolmoqda.

Kadrlar siyosatidagi korrupsiya tibbiy xizmatga ham ta’sir qilmoqda
So‘rovda 4 821 nafar respondent qatnashgan bo‘lib, shundan 1 968 nafari aholi, 2 853 nafari esa tibbiy xodimlar hisoblanadi. Aholi o‘rtasidagi so‘rovda qatnashganlarning 15 foizi shifokor qabul vaqti, muomala yoki ma’lumotnoma olish maqsadida pul yoki sovg‘a berganini aytgan. 14 foizi esa bu holatni aniq eslay olmagan. Norasmiy to‘lov qilganlardan 152 nafari tashabbusni o‘zi ko‘rsatganini, 93 nafari shifokor tomonidan ishora berilganini va 49 nafari ushbu holat o‘zaro rozilikka asoslanganini bildirgan. Shu bilan birga, 37 foiz respondent bunday holatlar sovg‘a yoki pul ko‘rinishida amalga oshirilishini ta’kidlagan. Tibbiy xodimlar ishtirokidagi so‘rovda ularning 57 foizi tizimda umuman korrupsiya yo‘qligini aytgan. Ammo ayrimlari ishga kirish, order berish yoki mehnatga layoqatsizlik varaqasi taqdim etishda norasmiy to‘lovlar mavjudligini tan olgan. Tadqiqotda aytilishicha, aholi va tibbiyot xodimlari tomonidan korrupsiyaning asosiy sababi sifatida kam maosh, raqamlashtirishning yetarli emasligi va targ‘ibotning sustligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, «sovg‘a berish»ni minnatdorlik sifatida qabul qiladigan keng omma ongi ham tizimdagi shaffoflikka to‘sqinlik qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid