Logo

«Logistik qamal»: Ukraina Rossiya armiyasini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi

Bugun 19:306 daqiqa

Putin frontdagi vaziyatni yaxshiroq ko‘rsatishga urinib, Rossiya «mustahkam oyoqda turganini» aytayotgan bo‘lsa-da, raqamlar butunlay boshqa manzarani ko‘rsatmoqda. So‘nggi hisobotlarga ko‘ra, iyun oyida Rossiya 40 000 nafar askaridan ayrilgan va egallangan har bir kvadrat kilometr hudud evaziga 1 300 ga yaqin askar qurbon qilingan.

«Logistik qamal»: Ukraina Rossiya armiyasini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi

Rasmiy Kiyevning ma’lum qilishicha, Rossiya qurolli kuchlari yil oxirigacha Ukraina sharqidagi qisman ishg‘ol qilingan Donetsk viloyatining qolgan 20 foiz hududini to‘liq egallashni maqsad qilgan.

Rossiyaning hozirgi olg‘a siljish sur’atidan kelib chiqilsa, prezident Vladimir Putin qo‘shinlariga bu vazifani uddalash uchun yana 5 150 kun yoki 14 yil kerak bo‘ladi. Bu – Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlarning Donetskni Kiyev nazoratidan tortib olish maqsadida shu paytgacha olib borgan 12 yillik urushiga qo‘shimcha muddatdir.

Urushni o‘rganish instituti (ISW) bu holatni yo‘qotishlar soni keskin ortib borayotgan bir paytda, joriy yilda Rossiyaning hududiy yurishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragani bilan izohlamoqda. Vashingtonda joylashgan, hududlar nazoratini baholashda geolokatsiya va ochiq manbalardagi ma’lumotlarga tayanuvchi mazkur tahlil markazi xuddi shunday xulosaga kelgan.

ISW ma’lumotlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari 2025 yilning dastlabki olti oyida Ukrainaning 2 190 kvadrat kilometr hududini egallagan bo‘lsa, joriy yilning shu davriga kelib bu ko‘rsatkich atigi 622 kvadrat kilometrni tashkil etgan.

Bu esa joriy yilda qo‘shinlarning kunlik oldinga siljish sur’ati 1,03 kvadrat kilometrga tushib qolganini ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun: 2025 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich kuniga 16,6 kvadrat kilometrga teng bo‘lgan.

Agar rus qo‘shinlarining mustahkam nazorat o‘rnatolmagan hududlardagi vaqtinchalik siljishlari chiqarib tashlansa va Ukrainaning qarshi hujumlari inobatga olinsa, mazkur ko‘rsatkichlar yanada yomonlashadi. ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday sharoitda 2026 yilning birinchi yarmida Rossiyaning sof hududiy yutug‘i bor-yo‘g‘i 97 kvadrat kilometrni tashkil qilgan.

«Agar Putin yana bir million askarini devorga bosh urishdek bu samarasiz qirg‘inga jo‘natmoqchi bo‘lsa, u holda armiyaga safarbar qilinmagan va hozirda benzin navbatida turgan o‘sha bir million rossiyalik oldinda nimalar kutayotgani haqida o‘ylab ko‘rishi kerak», – dedi Ukraina prezidenti.

Volodimir Zelenskiy bu o‘rinda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tomonidan 1-iyul kuni taqdim etilgan hisobotga tayanib, urush boshlanganidan buyon Rossiyaning 1,4 millionlik yo‘qotishlarini nazarda tutgan edi.

Ukraina harbiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya faqatgina iyun oyining o‘zida yana 39 490 nafar askaridan ayrilgan. Bu esa joriy yilda oyiga o‘rtacha 24 000 – 30 000 kishini tashkil etuvchi armiyaga yollash imkoniyatlaridan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

ISW ta’kidlashicha, mazkur holat Rossiyaning frontdagi yo‘qotishlari halokatli darajaga yetganini ko‘rsatadi: iyun oyida egallangan har bir kvadrat kilometr hudud evaziga 1 298 nafar askar qurbon qilingan. Taqqoslash uchun: 2025 yilning iyun oyida bu ko‘rsatkich har bir kvadrat kilometrga 68 nafarni tashkil qilgan edi.

Vaziyat nega o‘zgarmoqda?

Zelenskiy Ukrainaning joriy yildagi muvaffaqiyatlarini o‘tgan yili dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda uzoq masofaga uchuvchi mahalliy raketalarni yaratish bo‘yicha qabul qilingan «bir qator qarorlar» bilan izohladi.

Ukraina bu resurslardan front chizig‘idagi rus qo‘shinlariga yoqilg‘i va o‘q-dorilar yetkazib berishni uzib qo‘yish maqsadida foydalandi. Mamlakat mudofaa vaziri Mixail Fyodorov bu strategiyani «Logistik qamal» deb atadi.

25-iyun kuni Zelenskiy «tajovuzkor davlatni urushni tugatishga majbur qilish maqsadida unga qarshi» o‘rta va uzoq masofali zarbalar berish bo‘yicha 40 kunlik kampaniyani e’lon qildi.

O‘rta masofaga mo‘ljallangan zarbalar Rossiyaning ta’minot tizimiga, xususan, omborlar, yuk kolonnalari va ko‘priklarga qaratildi. ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday hujumlar soni may oyidagi 210 tadan iyun oyida 303 taga oshgan.

Yarim orolni harbiy harakatlar uchun yaroqsiz holatga keltirishga qaratilgan davomli kampaniya doirasida Ukraina atigi ikki kun – 1-2-iyul kunlari Qrim janubidagi 12 ta elektr podstansiyasini vayron qildi.

Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert «Madyar» Brovdining ma’lum qilishicha, uning bo‘linmalari iyun oyida har 52 soniyada front chizig‘i yoki uning ortidagi bittadan rus nishoniga zarba bergan. U o‘zining Telegram-kanalida: «50 147 ta harbiy nishon yo‘q qilindi yoki ularga shikast yetkazildi», – deb yozdi.

Rossiya tinchlik so‘ramoqda – faqat o‘z shartlari asosida

Taxminan bir yil oldin Putinning Alyaskada AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida tomonlar Ukrainani Donetskdan voz kechishga majburlashga kelishib olgani xabar qilingan edi. Bu taklif Zelenskiyga berilganda, u qat’iyan rad etgan.

O‘tgan bir yil ichida harbiy vaziyat keskin o‘zgardi: endi Rossiya tashabbusni boy berib, himoyalanishga majbur bo‘lmoqda.

Ankorijdagi muhokamalarga asoslanib, rus rasmiylari AQSHning navbatdagi vositachiligiga tayyor ekanini namoyish etayotgandek ko‘rindi. 26-iyun kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kremlga qarashli TASS axborot agentligiga: «AQSH takliflari Alyaskada muhokama qilingan va ularni Rossiya qabul qilgan», – deb aytdi. Xuddi shu kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «biz AQSH vositachiligini olqishlagan bo‘lardik, bu xizmatlarga va tinchlik yo‘li bilan hal qilish jarayoniga ochiqmiz», dedi. 

Shu bilan birga, Rossiya Tramp timsolida o‘ziga ko‘proq xayrixoh suhbatdosh topishiga ishonib, Ukrainaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri takliflarini rad etdi.

«Vesti» muxbiri Pavel Zarubinning savollariga javob berarkan, Putin Kiyevning ikkita alohida taklifini rad etganini aytdi. Ularning biri uzoq masofali zarbalarni to‘xtatish haqida bo‘lsa, ikkinchisi Ukrainaning shimoliy Sumi va Xarkov viloyatlarida, shuningdek, janubiy Nikolayev va Dnepropetrovsk viloyatlarida o‘t ochishni to‘xtatib, urushni asosiy frontlarda – Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xersonda davom ettirishga ruxsat berishni nazarda tutardi.

«Bu taklif nega berilayotgani tushunarli. Chunki Ukraina hududi ichkarisiga berayotgan javob zarbalarimiz ancha kuchli, vayronkor va, ochig‘ini aytganda, halokatli bo‘lib, Kiyev rejimi uchun haqiqatan ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda», – dedi Putin.

Ukrainaning o‘tgan haftadagi uzoq masofali zarbalari Rossiyaning Ufa, Nijegorod, Slavyansk va Yaroslavl neftni qayta ishlash zavodlariga, shuningdek, Kerch bo‘g‘ozida qurilayotgan «Volga» va «Vyatka» kabel yotqizuvchi kemalariga, Moskva yaqinidagi Beloomut, Minyayevo va Dubna aloqa markazlariga, Volgograddagi «Titan-Barrikadi» o‘q-dori ishlab chiqaruvchi korxonasiga, Qrimdagi Saki harbiy aerodromiga hamda Penza oblastidagi samolyot va raketa qismlari ishlab chiqaruvchi ilmiy-tadqiqot institutiga jiddiy shikast yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Putin va xalq uchun moliyaviy muammolar

Harbiy muvaffaqiyatsizliklar va jamiyatdagi norozilik kayfiyati kuchayib borayotgan bir paytda, Putin vaziyatni yaxshiroq ko‘rsatishga urinib, Rossiya «mustahkam oyoqda turganini» ta’kidlamoqda.

So‘nggi tahlillarga ko‘ra, Rossiya budjet daromadlarining chorak qismi neft eksportiga tayanadi. Biroq bozor tahlilchilari ushbu eksport hajmi kamayib borayotganini qayd etmoqda.

Ukraina prezidentining sanksiyalar siyosati bo‘yicha vakili Vladislav Vlasyukning ma’lum qilishicha, yanvardan may oyigacha bo‘lgan davrda Rossiyaning neftdan tushadigan daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga qisqargan.

AQSH 28-fevralda boshlangan Fors ko‘rfazidagi urush davrida Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtinchalik bekor qilganiga qaramay, daromadlarning pasayishi yuz berdi. Mazkur imtiyoz muddati 17-iyunda o‘z nihoyasiga yetdi.

Ukraina eksportning bunday qisqarishini Rossiyaning neft terminallari va nasos stansiyalariga berilayotgan tizimli zarbalar bilan izohlamoqda. Bu hujumlar tankerlarga yuk ortish jarayonini xavfli va murakkab holatga keltirib qo‘ygan.

Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishda davom etar ekan, Moskva o‘z iqtisodiyotini inqirozdan qutqarib qolish maqsadida ko‘proq xom neft eksport qilishga va tayyor neft mahsulotlarini import qilishga urinmoqda.

Iyun oyida Rossiyaning aksariyat hududlarida yoqilg‘i taqchilligi kuzatildi. Internetda esa rossiyaliklarning avtomobillariga yoqilg‘i quyish uchun navbat talashayotgani aks etgan videolar tarqaldi. 26-iyun kuni bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak aholini tinchlantirishga urinib, «bozorda yoqilg‘i yetarli» ekanini va sun’iy vahima oqibatida talab 20-30 foizga oshib ketganini aytdi.

Putin ham ta’minotdagi muammolarni yashirishga harakat qilib, Rossiyada 1,7 million tonna benzin zaxirasi borligini va bu «o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bor-yo‘g‘i to‘rt foizga kam» ekanini aytdi.

Shu bilan birga, 26-iyun kuni Putin Rossiya qurolli kuchlari tomonidan keng qo‘llaniladigan dizel yoqilg‘isi eksportiga o‘rnatilgan taqiq muddatini uzaytirdi.

Sohadagi manbalarning «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, Rossiya Hindistondan 60 ming tonna qayta ishlangan neft mahsulotlarini import qilgan va turli davlatlardan oyiga 400 ming tonna shunday mahsulot sotib olishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid