Mehnat va dam olish qoidalarini buzgan haydovchilar uchun javobgarlik belgilandi
Haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etmagani sababli yo‘llarda uxlab qolishi oqibatida 2024 yilda 351 yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 189 nafar inson halok bo‘lgan, 285 nafari esa jarohatlangan.

O‘zbekistonda xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarida haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etmasligi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bu haqda Prezident tomonidan 2026 yil 5-fevral kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda belgilan ketilgan.
Amaldagi qonunchilikda shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashishni amalga oshirayotgan avtobuslarda taxograf (nazorat qurilmasi) o‘rnatilgan. Bu qurilma haydovchilarning ish vaqti, dam olish vaqti, tezlik va masofani yozib boradi. Qurilmani o‘chirgan holda avtomobil boshqarganlik uchun javobgarlik mavjud. Biroq, ushbu qurilmadagi ma’lumotlarga asosan haydovchining mehnat va dam olish rejimiga bo‘ysunmagani yuzasidan javobgarlik belgilanmagan edi.
Yangi qonunga muvofiq:
— endi xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning meh va dam olish rejimini buzganligi BHMning 7 baravari (2 mln 884 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;
— haydovchining ish vaqti davomiyligi 9 soatdan ortiq bo‘lganda yoki 400 km va undan ortiq masofaga yo‘lovchi va yuklarni tashishda meh va dam olish rejimi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilib boriladi;
— ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 145, 146-1, 176-4-moddalarida, ya’ni yo‘lovchilarni chiptasiz tashiganlik, tashuvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaganlik uchun jarimaning aniq miqdori belgilandi;
— ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 113-1-modda bilan to‘ldirildi. Bunda tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari (4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi.
Mazkur qonun 2026 yil 10-maydan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qonun bilan metroda harakat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanganligi haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisa, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish mansabdor shaxslarga 4 mln 120 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi.





