
Metroda harakat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
Temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisa, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish mansabdor shaxslarga 4 mln 120 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi.
© Javhar ChorshanbiyevaTemiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu 5-fevral kuni qabul qilingan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunda belgilangan.
Mazkur huquqbuzarlik mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (4 mln 120 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisa, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, avtomobil transportida tegishli guvohnoma yonida bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashish, yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish BHMning 3 baravari miqdorida (1 mln 236 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.





