
Mirziyoyev bojxona xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
O‘zbekiston davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi.

26-yanvar — O‘zbekiston davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona sohasida faoliyat yuritayotgan serjantlar, ofitserlar, generallar hamda faxriylarni kasb bayrami bilan tabrikladi. Tabrikda bojxona organlarining mustaqillik yillarida mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va davlat chegaralari daxlsizligini asrashda muhim o‘rin tutayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston sharoitida bojxona tizimini modernizatsiya qilish, ochiqlik va samaradorlikka asoslangan boshqaruv usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. So‘nggi yillarda sohani raqamlashtirish, byurokratik to‘siqlar va inson omilini kamaytirishga qaratilgan choralar sezilarli natija bergani qayd etildi.
Jumladan, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari o‘rtacha 40 foizga tezlashtirildi, deklaratsiyalarning 20 foizi inson ishtirokisiz amalga oshirila boshladi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, 76,2 trillion so‘m bojxona to‘lovlari undirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining davlat budjeti daromadlaridagi ulushi 25 foizga yetdi.
Shuningdek, 1,2 trillion so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Xavflarni oldindan tahlil qilish orqali 7 trillion so‘m, tovarlarni rasmiy importga jalb etish hisobiga qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m budjet mablag‘lari undirilishi ta’minlandi.
Huquqbuzarliklarga qarshi kurash doirasida 1,8 tonna giyohvandlik vositalari hamda 1,1 tonna psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy muomalasi to‘xtatildi. Bojxona tartib-taomillarining xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishi, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikning kuchayishi sohaning xalqaro nufuzini oshirmoqda.
Prezident kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushini ikki barobar kamaytirishda bojxona organlari mas’uliyatini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va xodimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi qayd etildi.





