Mirziyoyev Trampning maxsus vakilini qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahriga tashrif doirasida AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda AQSH prezidenti Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Uchrashuv Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida o‘tkazildi.
Gor Mirziyoyevni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Muzokaralarda O‘zbekiston–AQSH strategik sherikligini mustahkamlash va prezidentlar darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, shuningdek, qishloq xo‘jaligida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishib oldi.
32 milliard dollarlik kelishuvlar
2025 yilda Mirziyoyev va Tramp uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 32 milliard dollarlik tijoriy kelishuvlar e’lon qilingan. Ular orasida «Boeing» bilan 8,5 milliard dollarlik bitim, shuningdek, muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalariga oid loyihalar bor.
2026 yil iyunida AQSH va O‘zbekiston savdo munosabatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Toshkent AQSHning qator sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlarni kamaytirish yoki bekor qilish majburiyatini oldi.
Tomonlar O‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitimni tezroq yakunlash uchun muzokaralarni jadallashtirishga ham kelishgan.
Kritik minerallar va S5+1
Serjio Gor AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining Amerika tomonidan hamraisi hisoblanadi. Kengash 2026 yilda ish boshlagan bo‘lib, O‘zbekiston tomonidan unga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamraislik qilmoqda.
Uchrashuvda kengashning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, kritik minerallarni qazib olish, qayta ishlash va global bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev va Gor S5+1 formatidagi bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik masalasini ham muhokama qildi. Avgust boshida Mirziyoyev va Tramp telefon orqali muloqot qilib, qo‘shma loyihalarni kengaytirish va AQSH prezidentining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalalarini muhokama qilgan edi.





