
Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya bermaydigan bo‘ldi
«Domla «taqdir» deb, qadarga taslim bo‘ldi. «Odil sudlov»ni ko‘rdi, yana ovoragarchiliklarda yurishni xohlamadi», - degan advokati.

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov sud hukmi ustidan shikoyat bermaslikka qaror qildi. Bu haqda Kun.uz uning advokati Abdulloh Sodiqqa tayanib, xabar berdi.
«Mubashshir Ahmad domla sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilganini aytdi. Lekin buning sababini izohlamadi. Lekin men advokat sifatida sud hukmidan noroziman. Sud jarayonida ham domlaning harakatlarida JK 244-1 va 156-moddalar tarkibi yo‘qligini isbotladik. Shunga qaramay bu ishda asosiy qaror qabul qiluvchi mijozimiz, uning aytgani bo‘yicha keyingi ishlar qilinadi. Menimcha, domla «taqdir» deb, qadarga taslim bo‘ldi. «Odil sudlov»ni ko‘rdi, yana ovoragarchiliklarda yurishni xohlamadi», - degan advokat.
Ta’kidlanishicha, Mubashshir Ahmad ayni vaqtda ham tergov hibsxonasida qolmoqda, jazoni ijro etish koloniyasiga chiqarilmagan.





