add

Mubashshir Ahmadga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘raldi

18.09.2025 | 20:2041235

18 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo, “AzonUz” hamda “Azon Global” internet nashrlari asoschisi Alisher Tursunovga oid navbatdagi sud mahkamasi bo‘lib o‘tdi.

Mubashshir Ahmadga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘raldi
Vaqt.uz muxbiriga ko‘ra, sudning bugungi muzokara qismida davlat ayblovchisi – Uchtepa tuman prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Tursunovni Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, unga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘radi. Xususan, prokuror suddan sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 156-moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan holda 4 yilga, 244-1-moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan holda 7 yilga va 244-3-moddalarida nazarda tutilgan harakatlarni sodir qilishda aybli topib, BHM 150 baravari miqdorida jarimaga tortishni, shuningdek, JKning 59-moddasini qo‘llagan holda o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 150 baravari miqdorida jarimaga tortishni so‘radi. Sudlanuvchini himoya qilayotgan advokatlar jamoasi esa suddan Alisher Tursunov ayblanayotgan ikkita modda — «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish» hamda «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish»ni olib tashlashni so‘radi. Himoyachilar, shuningdek, materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatisiz tarqatishga doir ayblovni qisman tan olib, bu harakat ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganini bildirishdi. Shu sababli, uni JK 70-moddasi tartibida bekor qilishni, tergov organlari rasmiylashtirib olgan texnika va ashyolarni qaytarishni so‘radi. Abdulloh Sodiq boshchiligidagi advokatlar jamoasi suddan shuningdek, Mubashshir Ahmadning yirik diniy ulamolardan ekani, butun umr jamiyatga diniy va ma’rifiy ilm ulashib kelayotgani, qolaversa, salomatligida shifokorlar tasdiqlagan jiddiy muammolar borligi hamda oilada yagona boquvchi ekaniga e’tibor qaratishni so‘radi. Mubashshir Ahmadning o‘zi esa himoyachilarning fikriga qo‘shilishi va sudning muzokara qismidagi so‘zlash huquqidan foydalanishdan voz kechishini bildirdi. Sudya Bobur Rahimov 22 sentyabr kuni ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berilishi hamda hukm chiqarish uchun maslahatlashuv xonasiga kirishini bildirdi. Ma’lumot uchun, Alisher Tursunov Jinoyat kodeksining quyidagi uchta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda:
  • 244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
  • 244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
  • 156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.
 

Teglar

Mavzuga oid

Mubashshir Ahmadga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘raldi | Vaqt.uz