add

Mubashshir Ahmadga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi

24.07.2025 | 20:20345310

Joriy yilning 14 iyul kuni Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi sudga yuborildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Mubashshir Ahmadga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi
Unga ko‘ra, 2023 yil 11 avgust kuni Shayxontohur tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof tarzda tayyorlash, saqlash yoki tarqatish holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 244−3-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilgan. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» gi qonunga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi material O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasining xulosasi asosidagina tayorlanishi, saqlanishi va tarqatilishi mumkin. Ushbu qoida buzilishi dastlab ma’muriy jazo, undan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. «Mubashshir Ahmad domla «Azon tv» kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘g‘atilgan», - deb yozgan Ruslan Sodiqov. Advokatning bayonotiga ko‘ra, Mubashshir Ahmad Turkiyada bo‘lgan vaqtda diniy videomaterial tarqatgan va O‘zbekistondagi huquqiy talablardan bexabar bo‘lgan. Ushbu holat uchun avval ma’muriy jazo berilgan, keyin esa jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik, 2023 yil 10 noyabr kuni Mubashshir Axmadga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sudga iltimosnoma kiritilgan. Sudning ayni shu kungi ajrimi bilan iltimosnoma rad qilingan va ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz, munosib hulq atvordagi tilxat orqali ochiqda qoldirilgan hamda jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan. 2025 yil 11 may kuni Mubashshir Ahmad ushlangan va uga nisbatan Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Advokatning yozishicha, mijozi ushlanishida va shu vaqt o‘zlariga nisbatan o‘tkazilgan tergov harakatlari jarayonida o‘zi tomonidan yollangan himoyachilar xizmatidan foydalanishni talab qilgan, lekin talab bajarilmagani sababli, tergov harakatlariga oid hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. «Himoyachilar tergovchiga ayni shu kuni bir necha marotaba aloqaga chiqqan va hatto qisqa xabarlar jo‘natgan, lekin tergovchi e’tiborsiz qoldirib, ustozga nisbatan ayblovni to‘ldirish va so‘roq qilish, qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma kiritish harakatlarini davlat hisobidan ta’minlanadigan advokat xizmati yordamida davom ettirgan», - deydi advokat. Qayd etilishicha, Mubashshir Ahmadga nisbatan ushbu qo‘yilgan ayblovga Telegram'dagi «Mubashshir Ahmad» nomli kanalga joylashtirilgan «Ulamolarning Isroilga qarshi jihod fatvosi nimani anglatadi?» nomli videodagi suhbat asos bo‘lgan. Lekin, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi qarorda ayblov uchun faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi, ya’ni, materialning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligini tasdiqlovchi dalil ko‘rsatilgan bo‘lib, jinoyatning zaruriy belgisi – uning maqsadini aks ettiruvchi belgilarga oid hech qanday ekspertiza xulosasi dalil sifatida e’tirof etilmagan. Uning aytishicha, 2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik Xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Shu vaqt oralig‘ida Mubashshir Ahmad bilan uchrashuv bir oz qiyinchilik bilan bo‘lgan. «2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik Xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Shu vaqt oralig‘ida Ustoz bilan uchrashuv bir oz qiyinchilik bilan bo‘ldi. Tergovda dastlabki uchrashuvimizda ustoz «men Davlat xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasi haqida umuman boshqacha tasavvurda edim, bu yerda menga qilingan shart – sharoitlar, munosabat va ta’minotdan juda ko‘nglim to‘q, xotirjamman, buni ommaga ham yetkazish kerak ekan» dedilar, shu bilan birga tergov guruhi boshlig‘i va tergovchilar tomonidan ustozga ulamo sifatida munosib chiroyli muomala va munosabatda bo‘lishib, hech qanday ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazilmadi va eng asosiysi ustozning faoliyatiga nisbatan keskiy tanqidiy, ayblov nuqtai nazaridan yondoshilmadi», - deya yozgan Sodiqov. Unga ko‘ra, tergov jarayonida Alisher Tursunovning «Azon Global» Halqaro mediakanali va ijtimoiy tarmoqdagi boshqa kanallaridagi materiallar tekshirilgan va natijada ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmagani aniqlangan. «Istisno sifatida Isroilning G‘azoda sodir etayotgan genotsidiga oid berilgan fikrlari va ba’zi boshqa holatlarga oid fikrlarida ekspertiza xulosasiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyati alomati aniqlanib, ayblov Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi bilan to‘ldirildi. Modda sanksiyasiga ko‘ra, ushbu harakat uchun jazo uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan», - deya qo‘shimcha qildi advokat.

Teglar

Mavzuga oid