Logo

«Mutlaqo sharmandali holat»: Ukraina kuch ishlatar tizimlari bir-biriga o‘q uzdi

Bugun 11:454 daqiqa

Ukraina xavfsizlik kuchlari — Xavfsizlik xizmati va Bosh razvedka boshqarmasi o‘rtasida sodir bo‘lgan otishma videotasvirga tushib qoldi. Dastlab tomonlar o‘rtasida og‘zaki tortishuv yuzaga kelgan, shundan so‘ng «Alfa» maxsus bo‘linmasi jangchilari razvedkachilar tomon o‘t ochgan. Birinchi bo‘lib kim o‘q uzgani hozircha noma’lum. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvga «Rus ko‘ngillilari korpusi» qo‘mondoni o‘rinbosari Stepan Kaplunovning qo‘lga olinishi sabab bo‘lgan.

«Mutlaqo sharmandali holat»: Ukraina kuch ishlatar tizimlari bir-biriga o‘q uzdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Xavfsizlik xizmati va Bosh razvedka boshqarmasining ayrim bo‘linmalari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga sabab bo‘lgan bu vaziyatni «mutlaqo sharmandali» deb baholadi. Davlat rahbari o‘zining kechki murojaatida ta’kidlashicha, voqea tafsilotlari Bosh prokuratura va Davlat tergov byurosi tomonidan o‘rganilishi, har ikkala maxsus xizmatda esa ichki tekshiruvlar o‘tkazilishi shart.

«Bugun Kiyevda SBU va GURning ayrim bo‘linmalari o‘rtasida yuz bergan mutlaqo sharmandali holat bo‘yicha bosh prokuror Ruslan Kravchenko bilan gaplashdim. Bosh prokuratura va Davlat tergov byurosi barcha tafsilotlarni aniqlaydi. Ushbu voqea ishtirokchilarining barcha ko‘rsatma va bayonotlari, umuman butun vaziyat bosqichma-bosqich tekshiriladi», — dedi Zelenskiy.

Prezident tekshiruv natijalariga ko‘ra, albatta, javobgarlik masalasi ko‘rilishi, xususan, tegishli xodimlarga nisbatan qat’iy qarorlar qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.

«Javobgarlik bo‘lishi shart. Jumladan, maxsus xizmatlar rahbarlari voqea ishtirokchilari yuzasidan tegishli kadrlar qarorlarini chiqarishi va har ikkala tuzilmada ichki tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina kuch tuzilmalari o‘rtasida qurol ishlatilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

«Bu yerda, Ukrainada, faqatgina vatanimizni himoya qilish maqsadida rossiyalik bosqinchilarga qarata o‘q uzish mumkin. Boshqa har qanday otishma davlatimiz tomonidan ruxsat etilgan holat sifatida qabul qilinmaydi», — deb xulosa qildi prezident.

SBU va GUR o‘rtasidagi otishma

2-sentabr kuni Kiyevdagi Yuriy Shumskiy ko‘chasida ikki marta — tunda va kunduzi otishma sodir bo‘ldi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, qurolli mojaro SBU va GUR xodimlari o‘rtasida kelib chiqqan. Biroq har ikkala idora ham dastlab bu ma’lumotni rad etgan edi.

Razvedka xizmatining ma’lum qilishicha, kuch ishlatar tuzilmalar Mustaqillik kuni munosabati bilan Ukrainaga tashrif buyurgan Rossiya muxolifati yetakchilaridan biriga nisbatan FXX tomonidan rejalashtirilgan teraktning oldini olgan. Keyinroq esa SBU bayonot berib, maxsus xizmat xodimlari dalillarni to‘plash va qayd etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlarini olib borayotgan bir vaqtda, bir guruh shaxslar ularga qurolli hujum uyushtirganini bildirdi.

Idoraning qo‘shimcha qilishicha, dastlabki tergov harakatlari davomida qo‘lga olingan shaxslar Ukraina armiyasining «bo‘linmalaridan biriga» mansub ekani aniqlangan.

«ZN.ua» nashrining yozishicha, mazkur voqealar «Rus ko‘ngillilari korpusi» (RKK) qo‘mondoni o‘rinbosari Stepan Kaplunovning o‘g‘irlab ketilishi bilan bevosita bog‘liq. Garchi Kaplunov 23-avgust oqshomidan beri aloqaga chiqmayotgan bo‘lsa-da, korpus uning bedarak yo‘qolgani haqida kecha xabar berdi.

 «Bir necha kun oldin RKK qo‘mondonining jangovar amaliyotlar bo‘yicha o‘rinbosari Stepan Kaplunov o‘z uyining hovlisida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan», — deyiladi bo‘linma shtab boshlig‘i Aleksandr Fortuna nomidan RKKning Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.

Fortunaning ta’kidlashicha, Kaplunov bedarak yo‘qolgach, RKK vakillari tezkorlik bilan GUR, SBU va Ukraina Davlat tergov byurosiga murojaat qilgan.

RKK vakillarining ta’kidlashicha, GUR, SBU va Davlat tergov byurosi (GBR) bu hodisadan boshidanoq xabardor bo‘lgan. Biroq ular ko‘ngillilarga Kaplunovning qayerda ekani haqida ma’lumot berishga shoshilmagan.

GUR vakili: SBU xodimlari qo‘mondonni o‘g‘irlab ketdi

2-sentabr oqshomida RKK Bosh razvedka boshqarmasining «Timur» maxsus bo‘linmasi qo‘mondonining rasmiy bayonotini e’lon qildi.

«GUR bo‘linmalaridan birining jangovar qo‘mondoni kunduz kuni, hammaning ko‘z o‘ngida o‘g‘irlab ketildi. Bu ishni Ukraina Xavfsizlik xizmati xodimlari amalga oshirgan. Unga nisbatan hech qanday rasmiy ayblov ilgari surilmasdan turib qo‘lga olingan», — deb yozdi u.

«Timur» qo‘mondoniga ko‘ra, SBU bilan barcha protsessual harakatlarni amaldagi qonunchilik doirasida davom ettirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgan. Biroq shundan so‘ng, xizmatning ayrim xodimlari GUR vakillarini hibsga olishga kirishgan va qurolsizlantirilgan GUR xodimlariga qarata ogohlantirishsiz o‘t ochgan.

Advokat: Kaplunov qo‘yib yuborilgan, suiqasd esa to‘qib chiqarilgan bo‘lishi mumkin

Kaplunovning advokati Taras Borovskiyning ta’kidlashicha, uning mijozi 2-sentabr kunduz kuni ozod qilingan. Huquqshunos uning ayni paytda qayerda ekanidan bexabar ekanini bildirdi. Shuningdek, u SBU ning Kaplunovga qarshi suiqasdning oldi olingani haqidagi talqini shunchaki to‘qib chiqarilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

«Menimcha, SBU matbuot xizmati o‘z xodimlari tomonidan noqonuniy tarzda amalga oshirilgan hibsga olishni va Jinoyat-protsessual kodeksining barcha normalari qo‘pol ravishda buzilganini shu yo‘l bilan xaspo‘shlamoqchi... Biroq biz jamiyat uchun bunday talqin ma’qulroq bo‘lishi mumkinligiga ko‘ndik va bundan buyon axborot makonida ortiqcha shov-shuv ko‘tarmaymiz», — deya Borovskiyning so‘zlarini keltiradi «RBK-Ukraina» agentligi.

Teglar

Mavzuga oid