add

Navoiyda 104 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaylanma fosh etildi

05.10.2025 | 09:0012013

Ichki ishlar vazirligi xodimlari boshqa shaxslar kartalari orqali kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullangan to‘rt nafar fuqaroni qo‘lga oldi.

Navoiyda 104 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaylanma fosh etildi
Navoiy viloyatida noqonuniy kriptovalyuta aylanmasi fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Operativ-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, aybdorlar jami 104 mlrd so‘mlik (8,62 mln AQSH dollari) kriptovalyuta operatsiyalarini amalga oshirgan. Tekshiruv «Xavfsiz kibermakon» va «Dolzarb 20 kun» aksiyalari doirasida olib borildi. Operatsiyada Operativ-qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy istiqbolli loyihalar agentligi xodimlari ishtirok etdi. Natijada noqonuniy kriptoaylanmadan daromad olayotgan to‘rt nafar fuqaro — 1990, 1993, 1998 va 1999 yillarda tug‘ilgan shaxslar — qo‘lga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular One Payments va P2P Trade ilovalari orqali o‘zga shaxslarga tegishli bank kartalarini ulab, kriptovalyutani pulga ayirboshlash bilan shug‘ullangan. Ushbu yo‘l bilan ular 104 mlrd so‘m aylanma amalga oshirib, katta miqdorda noqonuniy daromad topishgan. Qidiruv tadbirlari chog‘ida ularning qo‘lidan 68 ta plastik karta, 12 ta mobil qurilma, 8 ta SIM karta va 2 ta kompyuter ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergov tekshiruvi boshlangan. Shuningdek, sentyabr oyida Toshkent shahrida ham shunga o‘xshash jinoyat fosh etilgan edi. O‘shanda guruh a’zolari sakkiz oy davomida 180 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda kriptovalyuta operatsiyalarini amalga oshirgani aniqlangan.

Teglar

Mavzuga oid