
Netanyahu: «Ijtimoiy tarmoqlar — Isroilning asosiy quroli»
04.10.2025 | 22:5717173
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSHdagi qo‘llovni ta’minlash uchun ijtimoiy tarmoqlarni strategik qurol sifatida tan oldi.

26 sentyabr kuni Nyu York shahrida konservativ inflyuyenserlar bilan uchrashuvda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakatning AQSHga ta’sir ko‘rsatish siyosati haqida ochiq bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar Isroil uchun eng muhim vositaga aylangan.
Netanyahuning ta’kidlashicha, TikTok dunyodagi «birinchi raqamli xarid» va hozirgi paytdagi «eng muhim bitim» sifatida qaralmoqda. U platformaning ahamiyati orqali AQSHda, ayniqsa o‘ng siyosiy lager vakillari orasida Isroilga nisbatan qo‘llov kuchaytirilishini qayd etdi.
Shu bilan birga, u X platformasi bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini aytdi. «Biz Ilon (Mask) bilan suhbatlashishimiz kerak. U dushman emas, do‘st», — dedi Isroil bosh vaziri. Netanyahuning fikricha, TikTok va X’ni nazorat qilish Isroilga katta imkoniyatlar beradi.
Bunday bayonot Isroilning 2023 yil oktyabridan beri olib borilayotgan keng qamrovli axborot urushi va targ‘ibot kampaniyasi mavjudligini yana bir bor tasdiqladi. Xususan, G‘azodagi harbiy harakatlar bilan parallel ravishda olib borilayotgan ushbu strategiya orqali Isroil jahon jamoatchiligi fikrini shakllantirish va o‘zini himoya qiluvchi tomon sifatida ko‘rsatishni maqsad qilmoqda.
Ayni paytda xalqaro huquq tashkilotlari Isroilning ijtimoiy tarmoqlardagi ta’sir urushini dezinformatsiya va propaganda sifatida baholamoqda. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu vositalar Isroilga nafaqat AQSH, balki butun Yaqin Sharq siyosatida ham muhim ustunlik beradi.





