
Odam savdosiga qarshi jazo yanada kuchaytirildi
20.05.2025 | 15:4529032
O‘zbekistonda Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangiliklarga ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo choralari keskin oshirildi.

2025 yil 19 may kuni qabul qilingan qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, qalbaki hujjatlardan foydalanib, jabrlanuvchining shaxsiy hujjatlarini yashirish, yo‘q qilish yoki olib qo‘yish bilan bog‘liq hollarda ozodlikdan mahrum qilish muddati 5 yildan 10 yilgacha etib belgilandi. Ilgari bu kabi jinoyatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan edi.
Shuningdek, agar odam savdosi oqibatida jabrlanuvchi halok bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelsa, aybdor 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi. Ilgari bu holatlarda 8 yildan 12 yilgacha qamoq jazosi belgilangan edi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab amalga kirdi. Mazkur choralar odam savdosining oldini olish va jinoyatchilarga nisbatan keskin munosabatni kuchaytirishga qaratilgan.





