O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari keskin qisqardi

Bugun 15:151 daqiqa

Mart oyida oltin narxining pasayishi sabab mamlakatning xalqaro zaxiralari ketma-ket yetti oylik o‘sishdan keyin 10 foizga qisqardi.

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari keskin qisqardi © iStock

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 2026 yil mart oyida sezilarli qisqardi. 1-aprel holatiga ko‘ra, umumiy xalqaro zaxiralar hajmi 68,99 mlrd dollarni tashkil etgan. Ko‘rsatkich bir oy ichida 8,09 mlrd dollarga yoki taxminan 10 foizga kamayganini anglatadi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Pasayishning asosiy omili

Asosiy omil sifatida jahon bozorida oltin narxining tushishi ko‘rsatilmoqda. Xususan, mart oyida oltin qiymati 5174,1 dollardan 4553,95 dollargacha pasaygan. Bu esa zaxiralar tarkibida asosiy ulushga ega bo‘lgan oltin qiymatini kamaytirgan.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ham 6,82 mlrd dollarga qisqarib, 60,85 mlrd dollarni tashkil etishiga qaramay, uning fizik hajmi o‘sgan. Oltin zaxiralari 0,3 mln troy unsiyaga ortib, 13,4 mln troy unsiyaga yoki 416,8 tonnaga yetgan.

Valuta zahiralari

Valuta zaxiralari ham pasayishni davom ettirdi. Mart oyida ular 1,26 mlrd dollarga (14,3 foiz) kamayib, 7,57 mlrd dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, xorijiy markaziy banklar va xalqaro moliyaviy institutlardagi aktivlar 1,3 mlrd dollargacha oshgan.

Shuningdek, xorijiy banklarda joylashtirilgan mablag‘lar 4,71 mlrd dollar miqdorida qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar valuta aktivlari tarkibidagi o‘zgarishlarni aks ettiradi.

Markaziy bank tomonidan xarid qilingan xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi esa 1,545 mlrd dollarga yetgan. Ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 2,24 foizni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid