
O‘zbekiston paxtasi xalqaro tekshiruvdan o‘tadi: BCI bilan kelishuv tasdiqlandi
O‘zbekiston Better Cotton Initiative bilan kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, mamlakatda paxta yetishtirish, qayta ishlash va eksport zanjiri xalqaro standartlar asosida baholanib, sertifikatlashtiriladi.

O‘zbekistonda paxta yetishtirish va uning ta’minot zanjiri xalqaro monitoring va sertifikatlashtirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Bu Better Cotton Initiative (BCI) bilan imzolangan kelishuv orqali amalga oshiriladi. Tashabbus paxta klasterlarining ekologik va mehnat standartlariga rioya qilishi, mahsulot manbasini aniq trassirovka qilish va xalqaro brendlar talablariga mos hujjatlashtirishni nazarda tutadi.


Kelishuv xalqaro bozorlarga chiqish uchun muhim omil sifatida baholanmoqda. Jahon miqyosida yirik kiyim va tekstil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar BCI, Fairtrade yoki Better Work kabi sertifikatlashgan ta’minot zanjirlariga ustuvorlik bermoqda. Bu, ayniqsa, AQSH va Yevropa bozorlarida bolalar mehnati, majburiy mehnat va ekologik xavflar bo‘yicha audit talablari kuchaygan bir paytda dolzarbdir.


O‘zbekistonda so‘nggi yillarda paxta sohasida majburiy mehnatga oid xalqaro kuzatuvlar bekor qilingan bo‘lsa-da, klaster tizimidagi iqtisodiy munosabatlar, suv sarfi va dehqonlar daromadiga oid masalalar ochiq qolmoqda. BCI tizimiga qo‘shilish shu yo‘nalishlarda aniq indikatorlar orqali monitoring o‘tkazishni talab qiladi, ammo bu mexanizmlarning amalda qay darajada joriy etilishi hozircha ma’lum emas.


Hujjat mahsulotni qayta ishlashdan eksportgacha bo‘lgan zanjirda raqamli hisobot va trassirovka mexanizmlarini joriy etishni ham o‘z ichiga oladi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar talab qilishi mumkin, biroq ularga yuqori qiymatli eksport segmentlariga kirish imkonini berishi ham qayd etilmoqda.







