
O‘zbekiston Prezidenti o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi yo‘lladi
30.09.2025 | 19:0746574
Prezident bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida so‘nggi yillarda ta’lim sohasida qilinayotgan islohotlarga alohida urg‘u berdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan o‘qituvchi va murabbiylarni tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev o‘z tabrigida so‘nggi sakkiz yilda ta’lim sohasiga 378 trillion so‘m ajratilgani, yuzlab maktab va bog‘chalar qurilgani hamda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda qisqa vaqt ichida bog‘chalar soni 5 mingdan 38 mingtagacha ko‘paygan, qamrov darajasi esa 27 foizdan 78 foizgacha oshgan. Shuningdek, tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtirilib, rahbar va pedagoglarning ish haqi ikki barobarga yaqin oshirilgan.
Mirziyoyev ta’lim tizimidagi islohotlarning xalqaro e’tirofga ega bo‘layotganini qayd etib, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekistonning yutuqlari alohida ta’kidlanganini eslatdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yildan mamlakat bo‘ylab «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil etilib, zamonaviy pedagogik texnologiyalar joriy qilinadi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident pedagoglarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida qator imtiyozlarni joriy etishni ma’lum qildi. Jumladan, 15 yillik stajga ega oliy toifali o‘qituvchilar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi. Shu bilan birga, ustozlarning farzandlari oliygohlarda o‘qish uchun kontrakt mablag‘ining 30 foizigacha chegirma oladi, zamonaviy kompyuter texnikasi xaridi uchun esa 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
«Muxtasar aytganda, o‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi», - dedi Mirziyoyev.
Prezident ustoz va murabbiylarga «Uchinchi Renessans» avlodini tarbiyalashda ishonch bildirib, ularga mustahkam sog‘liq va oilaviy baxt tiladi.





