Logo

O‘zbekiston va Hindiston savdoni 2030-yilga borib 5 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi

Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ikki davlat munosabatlarini yangi darajaga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston va Hindiston savdoni 2030-yilga borib 5 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi © president.uz

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Yetakchilar munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar siyosiy muloqotni barcha darajalarda faollashtirishga kelishib oldi.

Jumladan, parlamentlardagi do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi almashinuvlarni kuchaytirish rejalashtirildi. Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizm ham ta’sis etiladi.

Savdo va investitsiyalar

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ilk bor 1 mlrd dollardan oshgan. Tomonlar mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish orqali savdoni bir necha barobar oshirish mumkinligini qayd etdi.

Shu maqsadda 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib olindi. Buning uchun sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoati ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Hamkorlik yo‘nalishlari

Hududlararo aloqalarni kuchaytirish ham muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan bo‘ldi. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.

Ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta universiteti faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Tomonlar madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam o‘tkazishga kelishdi. Tashrif doirasida madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dasturni imzolash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Hindiston BMT, SHHT, BRIKS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Muzokaralar yakunida mas’ul idoralarga qo‘shma loyihalar bo‘yicha aniq mexanizm, muddat va mas’ullarni belgilaydigan «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid