Logo

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita o‘tkazish punkti xalqaro maqomga ega bo‘ladi

Bugun 15:252 daqiqa

Xalqaro maqomga ega bo‘lgan o‘tkazish punktlari kecha-yu kunduz ishlash rejimiga o‘tadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita o‘tkazish punkti xalqaro maqomga ega bo‘ladi © gov.uz

Qozog‘iston Senati O‘zbekiston bilan davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi 2006 yilgi hukumatlararo bitimga kiritilgan o‘zgarishlarni ratifikatsiya qildi.

Yangi bayonnomaga muvofiq, «Sirdaryo—Malik» va «Selinniy—Oq oltin» avtomobil o‘tkazish punktlarining maqomi ikki tomonlama darajadan xalqaro darajaga o‘zgartiriladi.

Shuningdek, mazkur o‘tkazish punktlari endi faqat kunduzi emas, balki kecha-yu kunduz — 24 soatlik rejimda ishlaydi. Bu orqali chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish va transport oqimini samarali boshqarish maqsad qilingan.

Punktlar imkoniyati kengayadi

Yangi tartibga ko‘ra, «Selinniy—Oq oltin» o‘tkazish punkti orqali yengil avtomobillar, bo‘sh yuk transport vositalari, shuningdek, katta hajmli va og‘ir vaznli yuklar ham harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Bu xalqaro yuk tashuvlarini tashkil etish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

«Sirdaryo—Malik» punkti esa yengil avtomobillar va bo‘sh yuk mashinalari uchun ochiq bo‘ladi. Biroq ushbu nazorat punkti orqali tijorat maqsadida yuk va tovarlarni olib o‘tishga ruxsat berilmaydi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar hamda rejalashtirilgan infratuzilma yangilanishi chegaradagi yuklama va transport oqimini bir necha yo‘nalishlar o‘rtasida muvozanatli taqsimlashga xizmat qiladi.

Avvalroq Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi «Qadamjoy», «Chashma» va «Oqqiya» nazorat-o‘tkazish punktlari ham 24 soatlik ish rejimiga o‘tgan edi.

Mazkur tartib 2026-yil 1-oktabrgacha amal qiladi. U asosan sayyohlik mavsumida chegaradan o‘tuvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan bo‘lib, ushbu punktlardan hozircha faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari foydalanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid