add

O‘zbekiston va Qozog‘iston FIFAning 1 mlrd dollar krediti uchun kurashmoqda

Bugun 08:188722 Daqiqa

Saudiya taraqqiyot fondi va FIFA qo‘shma dasturi orqali stadionlar va sport infratuzilmalarini moliyalashtirishni boshladi, dasturda Markaziy Osiyo davlatlari ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston FIFAning 1 mlrd dollar krediti uchun kurashmoqda

FIFA va Saudiya taraqqiyot fondi (SFD) rivojlanayotgan davlatlarda sport infratuzilmasini moliyalashtirish bo‘yicha yana bir yirik sheriklikni ishga tushirdi.

Sports.kz nashrining yozishicha, tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolab, sport orqali milliy rivojlanish strategiyasiga ega mamlakatlarga keng ko‘lamli moliyaviy yordam berishga kelishib oldi. Dastur doirasida 1 mlrd dollargacha imtiyozli kreditlar taqdim etilishi, bu mablag‘ FIFA talablariga mos stadionlar qurilishi va infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi belgilangan.

FIFAning rasmiy bayonotiga ko‘ra, mazkur sheriklikning asosiy maqsadi — yoshlar imkoniyatini kengaytirish, ijtimoiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash va sport orqali iqtisodiy faollikni oshirish. Loyihalarni amalga oshirishda FIFA va SFD mamlakatlarning rasmiy organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi. Ushbu tashabbus rivojlanayotgan mamlakatlarda sport sohasini barqaror samarali modelga aylantirishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida xususiy sektor va xalqaro rivojlanish institutlarini ham jalb etishga xizmat qiladi.

Imtiyozli kreditlar stadionlargina emas, balki atrof infratuzilmalar — yo‘llar, yoritish tizimlari, xavfsizlik infratuzilmasi va transport bog‘lanishlarini ham qamrab olishi mumkin. FIFA bayonotida ta’kidlanishicha, bu davlatlarga uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlovchi sport infratuzilma ekotizimini yaratish imkonini beradi.

FIFAning Football Forward dasturi rivojlanayotgan futbol mamlakatlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda sport infratuzilmasini tubdan yaxshilash uchun maxsus grantlar va kreditlar taqdim etiladi. Mazkur ro‘yxatga Qozog‘iston va O‘zbekiston ham kiritilgan. Bu davlatlar so‘nggi yillarda xalqaro talablarga mos stadionlar qurish, yoshlar futbolini rivojlantirish va milliy chempionat infratuzilmasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha faol rejalarini amalga oshirmoqda.

Shu bois, yangi SFD–FIFA dasturi doirasida taqdim etiladigan mablag‘lar uchun Markaziy Osiyoning ikki davlatning ham yuqori imkoniyatga ega ekani ta’kidlanmoqda. Kreditning maqsadli yo‘naltirilishi O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham xalqaro standartlariga mos infratuzilma loyihalariga kuchli turtki berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Qozog‘iston FIFAning 1 mlrd dollar krediti uchun kurashmoqda | Vaqt.uz