
O‘zbekistonda 10 oyda qariyb 70 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi
2025 yilning yanvar–oktabr oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan elektr energiya ishlab chiqarishda o‘sish, issiqlik energiyasida esa pasayish kuzatildi.

O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan elektr energiya ishlab chiqarish 103,8 foizni, yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish esa 88,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Jumladan, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatda jami 69,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 66,7 mlrd kWh'ni tashkil etgan.
Shuningdek, 2025 yilning 10 oyida respublikadagi yirik korxonalar tomonidan 15,7 mln Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi. Solishtirish uchun, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 17,6 mln Gkal bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilgan elektr stansiyalari umumiy o‘rnatilgan quvvati 28 GW'ga yetishi ma’lum qilingandi.





