
O‘zbekistonda 115 tonna yuk ko‘taruvchi temiryo‘l vagonlari ishlab chiqarilmoqda
28.07.2025 | 15:3042633
O‘zbekistonda 6 o‘qli, 115 tonna yuk ko‘taruvchi samosval-dumpkar vagonlari mahalliylashtirilmoqda. Yangi loyiha nafaqat ichki ehtiyoj, balki eksport bozori uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi vagon avgustda yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xabariga ko‘ra, yangi avlod yuk ko‘taruvchi temiryo‘l vagonlarini ishlab chiqarish boshlandi. Bunda 6 o‘qli, 115 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega samosval-dumpkarlar mahalliy korxonalar hamkorligida tayyorlanmoqda.
Loyiha «Andijon mexanika zavodi» hamda «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshirilmoqda. Dastlabki namuna — mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan 2025 yil avgust oyida yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 501,76 mlrd so‘mlik loyiha 2024 yil noyabrda imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, «Navoiyuran» davlat korxonasi buyurtmasi asosida 45 dona sisterna-vagon ishlab chiqarilib, shundan 10 tasi foydalanishga topshirildi.
Eksport yo‘nalishida ham faoliyat olib borilmoqda. Xususan, Turkmanistonning «Ege Logistika» kompaniyasiga umumiy qiymati 4,452 mln dollarlik 56 dona neft mahsulotlarini tashuvchi sisterna-vagonlar yetkazib beriladi. Hozirgacha 6 donasi (477 ming dollarlik) yuborildi. Shu miqdordagi eksport turkman tadbirkori B. Polliyevga ham amalga oshirilmoqda.
Qozog‘istonning «Kazsink Temir Trans» kompaniyasi uchun esa O‘zbekistonda qayta ishlangan oltingugurt kislotasini tashishga mo‘ljallangan 10 dona sisterna-vagon eksport qilinmoqda. Shartnoma qiymati 301 ming dollarni tashkil etadi.





