
O‘zbekistonda 2026 yilda 1 mln norasmiy ish o‘rni rasmiylashtiriladi
Norasmiy bandlikni qisqartirish orqali aholi daromadini oshirish va biznes muhitini sog‘lomlashtirish rejalashtirilmoqda.

2026 yilda O‘zbekistonda 1 million norasmiy ish o‘rnini legallashtirish rejalashtirilmoqda. Bu vazifa prezidentning hududlarni yangi yondashuvlar asosida rivojlantirish, aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida belgilab berilgan. Hujjatga muvofiq, yil oxirigacha norasmiy mehnat munosabatlarini rasmiy sektorga o‘tkazish davlat organlari uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Ish o‘rinlarini legallashtirish rejasi
Mas’ul idoralar o‘rtasida hududlar kesimida aniq ko‘rsatkichlar taqsimlangan. Soliq qo‘mitasi 460 ming ish o‘rnini rasmiylashtirishi kerak. Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga 125 mingtadan ish o‘rni to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 105 ming nafar ishlovchini rasmiylashtirishga mas’ul bo‘lsa, Ijtimoiy himoya agentligi 100 ming nafar fuqaroni qamrab oladi. Shuningdek, Transport vazirligi 75 ming, Turizm qo‘mitasi esa 10 ming ish o‘rnini legallashtirishda ishtirok etadi.
Nazorat va ogohlantirish mexanizmi
Yangi tartibga ko‘ra, hokim yordamchilari xatlovi orqali aniqlangan norasmiy bandlik holatlari bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga «Yagona milliy mehnat tizimi» orqali ogohlantirish xati yuboradi. Agar qonunbuzilish 3 ish kuni ichida ixtiyoriy bartaraf etilmasa, bu tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi. Biroq, ish beruvchi bir oy ichida mehnat shartnomasini rasmiylashtirib, ish haqini to‘liq to‘lasa, ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
Biznes barqarorligi reytingiga ta’sir
2026 yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingida norasmiy bandlik va mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past ish haqi salbiy mezon sifatida inobatga olinadi. Bu chora biznesni qonuniy maydonga chiqishga rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Hisobga olish va axborot almashinuvi
Legallashtirilgan fuqarolar ro‘yxatlari har oy mahallalar kesimida maxsus platformaga kiritiladi. Keyinchalik ushbu ma’lumotlar Soliq qo‘mitasi orqali tekshirilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Bu tizim ish o‘rinlarini «soya» iqtisodiyotidan chiqarishda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.





