
O‘zbekistonda 9 oyda 404 km suv tarmog‘i ishga tushirildi
Mazkur ishga tushirilgan suv tarmoqlarining asosiy qismi qishloq hududlariga to‘g‘ri kelgani ma’lum qilindi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston bo‘ylab jami 404 kilometr suv tarmog‘i foydalanishga topshirildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, umumiy tarmoqning 73,8 foizi, ya’ni 297,9 kilometri qishloq hududlarida ishga tushirilgan. Qishloq joylariga to‘g‘ri kelayotgan ulushning yuqoriligi so‘nggi yillarda shu yo‘nalishdagi loyihalar ahamiyati ortganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p tarmoq Jizzax viloyatida qurilib, 203,1 kilometrni tashkil etdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 81,5 kilometr, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 64,3 kilometr, Buxoro viloyatida 31,4 kilometr yangi suv tarmog‘i foydalanishga topshirilgan.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida 17 kilometr va Xorazm viloyatida 6,7 kilometr tarmoq qurilib, tuman va qishloqlarda ichimlik suviga ulanish imkoniyatlari kengaydi.





