
O‘zbekistonda ishsizlik 2013 yildan buyon ilk marta 5 foizdan pastladi
2025 yilning III choragida ishsizlar soni 760 minggacha qisqarib, umumiy ishsizlik darajasi 4,9 foizni tashkil etdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyul–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushdi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 0,8 foizlik punktga kamayish demakdir. Mazkur ko‘rsatkich 2013 yildan buyon kuzatilgan eng past darajadir.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,8 mln kishiga yetgan. Mehnat resurslari 20,35 mln nafarni tashkil etib, bir yilda 387,3 ming kishiga (1,9 foizga) ko‘paygan. Iqtisodiy faol aholi soni 15,57 mln bo‘lsa, shundan 14,81 mln nafar band — bu o‘tgan yilga nisbatan 4,1 foiz o‘sish demakdir.
Ishsizlar soni taxminan 760 ming kishini tashkil etmoqda. Bu iqtisodiy faol aholining 4,9 foizi hisoblanadi. Ish bilan band insonlarning 55 foizi rasman ishlaydiganlar, 33 foizi noformal sektorida, 12 foizi esa xorijda mehnat qilayotganlardir.
O‘zbekistonda ishsizlik 2010–2017 yillarda 5–6 foiz atrofida bo‘lgan. 2018 yildan so‘ng bu ko‘rsatkich o‘sib, 2020 yilda pandemiya ta’sirida 10,5 foizgacha yetgan. Keyingi yillarda esa barqaror kamayib borgan: 2021 yilda — 9,6 foiz, 2022 yilda — 8,9 foiz, 2023 yilda — 6,8 foiz, 2024 yilda — 5,5 foiz. Joriy yilning birinchi yarmida ishsizlik yana tushib, 5,1 foizni tashkil etgan edi.





