O‘zbekistonda pulli yo‘l tariflari qanday belgilanishi ma’lum qilindi

Bugun 16:152 daqiqa

O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llari uchun tariflar masofa, hudud va transport turiga qarab belgilanadi.

O‘zbekistonda pulli yo‘l tariflari qanday belgilanishi ma’lum qilindi © businessdailyafrica.com

7-aprel kuni Senat yalpi majlisida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi. Unda senator O‘ktamjon Oxunov pulli yo‘llarda to‘lovlarni belgilash tartibi va tushumlarning shaffof sarflanishi yuzasidan qator savollarni ilgari surdi.

«Pulli yo‘llar bo‘yicha to‘lov miqdorini belgilashda qaysi asosiy mezonlar inobatga olinadi? To‘lovlar asossiz ravishda oshirib yuborilmasligi uchun qanday cheklovlar va mexanizmlar mavjud? To‘lovlarni tabaqalashtirish, ya’ni transport turi, vaqt yoki kunga qarab farqlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga xizmat ko‘rsatish qanday ta’minlanadi? Pulli yo‘llarda yig‘ilgan mablag‘larning qanday sarflanayotganligi bo‘yicha jamoatchilik uchun ochiq axborot taqdim etiladimi?» — deb so‘radi u.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovga ko‘ra, qonunning 41-moddasida pulli yo‘llarni tashkil etish mezonlari aniq belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, tariflarni shakllantirish uslubiyatini tasdiqlash vakolati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli. Hududiy omillar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ayniqsa tuman darajasida aholining ijtimoiy holati inobatga olinadi.

«Yirik magistrallar, jumladan Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida tariflar tranzit salohiyati va transport turiga qarab farqlanadi. Ya’ni yengil avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun alohida tariflar belgilanadi, shuningdek tashilayotgan yuk xususiyati ham hisobga olinadi» deya javob berdi Jamshid Tursunov.

Muhim jihatlardan biri — tariflarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligidir. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, operatorlar tirbandlik yoki noqulay ob-havo sharoitida narxlarni sun’iy ravishda oshira olmaydi.

«Shaffof yo‘l» platformasi

Shaffoflik masalasi yuzasidan Jamshid Tursunov mablag‘larni sarflash tartibi qat’iy tartibga solinishini bildirdi.

«Shaffoflikni ta’minlash maqsadida «Shaffof yo‘l» ochiq platformasi ishga tushirilgan. Unda har bir loyiha bo‘yicha mablag‘ ajratilishi, ish hajmi va sarf dinamikasi onlayn tarzda kuzatib boriladi. Masalan, Urganch–Xiva pulli yo‘li qurilishi bo‘yicha ma’lumotlar ham ushbu tizimda joylashtirilgan».

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llar ishga tushirilgandan so‘ng tushumlar qisman ularni saqlashga yo‘naltiriladi, qolgan qismi davlat budjetiga o‘tkaziladi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarda esa mablag‘ taqsimoti shartnomalar orqali belgilab qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi ilk pullik avtomagistral — Urganch–Xiva yo‘nalishidagi 35 kilometrli yo‘l qurilishi rasman boshlangan. 120 million dollarlik Urganch–Xiva pullik yo‘li ishga tushganidan so‘ng, safar vaqti 17 daqiqani tashkil etishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid