
O‘zbekistonda pullik yo‘llar uchun huquqiy baza yaratiladi
14.05.2025 | 14:3530234
Prezident Mirziyoyev yo‘l infratuzilmasini yangilash, yuk mashinalari harakatini nazorat qilish va pullik yo‘llar tizimini joriy etishga doir topshiriqlar berdi. Shuningdek, 13 ming km yo‘lga shag‘al yotish rejalashtirilgan.

13 may kuni Shavkat Mirziyoyev yo‘l xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. So‘nggi ikki yilda yo‘l qurilishi va ta’miriga 26 trln so‘m yo‘naltirilib, 40 ming km yo‘l va 540 ko‘prik ta’mirlangan. 2025 yilda esa 7 ming km yo‘l, 231 ko‘prik ta’mirlanishi va 13 ming km tuproq yo‘llarga shag‘al yotish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, 400 km sementbeton yo‘llar va 72 ta yo‘l servis majmuasi barpo etiladi. Xorijiy moliya institutlari ishtirokida 1200 km yo‘l rekonstruksiyasi bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yana 4 ta yangi loyiha — A-380 trassasini To‘rtko‘l va Beruniy shaharlari chetiga ko‘chirish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 km yo‘lni ta’mirlash, Termiz–Denov va Sirdaryo–Baxt yo‘llarida sementobeton qoplama qurilishi rejalashtirilgan.
Qamchiq dovonida barpo etilgan vazn nazorati posti kabi infratuzilmalar boshqa yuk yo‘llariga ham joriy etiladi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning ta’kidlashicha, bu loyihalar uchun OTB, Jahon banki va boshqa tashkilotlar mablag‘lari jalb etiladi.
Yig‘ilishda «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri tayyorlanayotgani aytildi. Yangi qonun yo‘l faoliyatini rejalashtirish, jamoatchilik fikrini hisobga olish, atrof-muhitga ta’sirni baholash va piyodalar uchun inklyuziv muhit yaratishni majburiy qilib belgilaydi.
Qonun loyihasi orqali pullik yo‘llarning huquqiy asosi, yo‘lbo‘yi servislari joylashuvi va yuk transporti harakati huquqiy tartibga solinadi. Shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazish tufayli yo‘llarga yetkaziladigan zararini qoplash mexanizmi ham kiritiladi.





