Logo

O‘zbekistonda saratonga chalingan bemorlarning umr davomiyligini oshirish rejalashtirilmoqda

Bugun 19:522 daqiqa

Aholi orasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar qamrovi kamida 60 foizga yetkaziladi.

O‘zbekistonda saratonga chalingan bemorlarning umr davomiyligini oshirish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik va gematologik tibbiy yordam va palliativ xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, aholi orasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari bo‘yicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar qamrovi kamida 60 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi ko‘rsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.

2027 yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Saratonga qarshi kurash milliy dasturi hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Dastur doirasida birlamchi tibbiy muassasalar xodimlarining onkologik hushyorligi oshirilib, kasalliklarning dastlabki belgilari bo‘yicha qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi.

Palliativ yordamning yagona tizimi yaratiladi

Taqdimotda palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

2030 yilgacha aholining bunday xizmatlar bilan qamrovini kamida 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

2026 yil 1 sentabrdan mamlakatda palliativ va xospis yordamini ko‘rsatishning yagona tizimi joriy etiladi. Bunda bemorlarni aniqlash, hisobga olish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, uy sharoitida xizmat ko‘rsatuvchi mobil palliativ brigadalar tashkil etiladi.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida mobil palliativ xizmatlar ishga tushiriladi. Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis shaklida palliativ yordam ko‘rsatish markazi tashkil etiladi.

Taqdimotda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish choralari ham muhokama qilingan.

2026-2030 yillarda bunday kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash ulushini amaldagi 30-40 foizdan 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Bemorga tashxis qo‘yilgan vaqtdan transplantatsiya amaliyotigacha bo‘lgan muddatni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish choralari ko‘riladi.

Teglar

Mavzuga oid