add

O‘zbekistonda «sirli mijoz» orqali tibbiy xizmatlar baholanadi

24.10.2025 | 12:254662

Endi dorixona va klinikalarda xizmat sifat «sirli mijoz» usuli orqali baholay oladi. Yangi qaror orqali bu jarayon huquqiy asosga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonda «sirli mijoz» orqali tibbiy xizmatlar baholanadi

O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlariga chakana savdo va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohalarida «sirli mijoz» hamda nazorat xaridi tadbirlarini o‘tkazish vakolati berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining «Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tegishli tartiblar belgilandi. Unga ko‘ra, NNTlar tomonidan amalga oshiriladigan «sirli mijoz» tadbirlari orqali tibbiy xizmatlar va savdo nuqtalarida qonun talablariga rioya etilishi mustaqil baholanadi.

Nazorat xaridi jarayonida olingan namuna va ma’lumotlar laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi. Agar tovar yoki xizmat talablarga javob bermasa, bu haqda tegishli idoralarga ma’lum qilinadi va jamoatchilikka oshkor etiladi. Birinchi marta aniqlangan qonunbuzarlikda tushuntirish choralari ko‘rilsa, takroriy holatlarda tekshiruv belgilanadi.

Tadbirlar qonunchilik, xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan amalga oshiriladi. Raqobat qo‘mitasi har bir nazorat xaridi bo‘yicha joy, muddat va mas’ullarni belgilaydi, foto va video qayd etish tartibini aniqlaydi. Nodavlat tashkilotlar bu jarayonlarni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi, qo‘mita esa ularga metodik yordam ko‘rsatadi.

Qarorga muvofiq, Raqobat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa sohaviy idoralar ushbu tizimning amalga oshirilishi uchun mas’ul etib belgilandi. Ular har yili nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalari ajratib, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida tahlillar olib borishga ko‘maklashadi.

Qo‘mitaga ko‘ra, «sirli mijoz» tizimi orqali xizmat ko‘rsatish sifati va iste’molchilar huquqlari samarali nazorat qilinadi, bozorda adolatli raqobat muhiti shakllanadi. Shu bilan birga, NNTlar faoliyatini rag‘batlantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida «sirli mijoz» yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid