Logo

O‘zbekistonda startaplarga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

Bugun 18:003 daqiqa

2027–2030 yillarda «Kelajak tadbirkori» dasturi doirasida ustuvor sohalardagi startaplarga imtiyozli moliyalashtirish va «regulyator qumdoni»dan foydalanish imkoniyati beriladi.

O‘zbekistonda startaplarga 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi © Teranews

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan farmoniga ko‘ra, 2027–2030 yillarda kichik va o‘rta biznesda startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha «Kelajak tadbirkori» dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida Milliy venchur fondi UzVC sanoatning ustuvor va yuqori salohiyatga ega yo‘nalishlaridagi startaplarni moliyalashtiradi.

Mablag‘lar quyidagi 8 ta sohaдаги tashabbuslarga ajratiladi:

1.   Elektrotexnika — elektronika va uning komponentlari, sanoat datchiklari, «aqlli» hisoblagich va qurilmalar, «aqlli» uylar hamda shaharlar uchun yechimlar;

2.   Mashinasozlik — robototexnika, mashinasozlik yechimlari, sanoatni avtomatlashtirish, avtonom transport, agrotexnika, uchish apparatlari va ularning detallari;

3.   Farmatsevtika — biotexnologiyalar, farmatsevtik substansiyalar, tayyor dorilar, tibbiy texnika va mahsulotlar;

4.   Kimyo sanoati — yangi o‘g‘itlar, biopolimerlar, nanomateriallar, funksional qoplamalar, akkumulatorlar va elektron sanoat uchun ishlab chiqarish yechimlari;

5.   Qurilish materiallari — kompozit va energiya tejamkor materiallar, qurilish robototexnikasi;

6.   Suv va energiya tejamkorligi — sun’iy intellektdan foydalangan holda sug‘orish, suv sizib chiqishini aniqlash, suvni tozalash va qayta ishlatish, «aqlli» tarmoqlar, akkumulatorlar, quyosh panellarini monitoring qilish, energiya samarador texnika;

7.   Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar — avtonom tizimlar, analitik texnologiyalar, mahsulot ishlab chiqarishda resurslarni tejaydigan yechimlar;

8.   Aerokosmik soha — dronlar, uchish apparatlari, sun’iy yo‘ldoshlar va ularning komponentlari, geoaxborot tizimlari, masofadan zondlash.

Yiliga 30 tagacha startap moliyalashtiriladi

Ustuvor yo‘nalishlardagi har yili 30 tagacha startap loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi va «regulyator qumdoni»dan foydalanishi mumkin. Loyihalar ochiq tanlov asosida saralanadi.

Har bir loyihaga 5 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi. Mablag‘ 3 yil muddatga foizsiz va garovsiz qarz shaklida berilib, keyinchalik korxonadagi ulushga almashtiriladi yoki SAFE shaklida taqdim etiladi.

Bunda davlat ulushi 49%dan oshmasligi belgilangan. Ta’sischilarga ushbu ulushni bozor qiymatida sotib olish huquqi beriladi.

Konvertatsiya va davlat ulushlarini sotishdan tushgan mablag‘lar yangi startap loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Startaplarga xususiy investitsiyalar ham rag‘batlantiriladi

Farmonda startaplarga xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan.

Yagona elektron platformada ro‘yxatdan o‘tkazilgan startaplar ekotizimiga ustav kapitaliga mablag‘ kiritgan jismoniy shaxslar, jumladan SAFE yoki konvertatsiyalanadigan qarz shartnomasi asosida investitsiya kiritganlar «startap-investor» — biznes-farishta maqomini oladi.

Bunday investorlarning loyihadagi o‘z ulushini sotishdan olgan daromadlari, agar ulush investorga kamida 3 yil tegishli bo‘lgan bo‘lsa, jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Vaqt.uz avvalroq turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratilishi haqida xabar bergandi. Mablag‘ har yili turizm sohasidagi eng yaxshi 10 tagacha startap loyihasiga beriladi.

Teglar

Mavzuga oid