Logo

O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar soni ilk bor 20 mingdan oshdi

Kecha 11:332 daqiqa

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni tarixiy maksimumga yetdi. Eng katta ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar soni ilk bor 20 mingdan oshdi © prezident.uz

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni ilk bor 20 mingdan oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda ta’sischilari norezident bo‘lgan 20 502 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3817 taga yoki 22,9 foizga ko‘p.

Faoliyat yuritayotgan korxonalarning 15 891 tasi to‘liq xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar bo‘lib, ularning soni bir yilda 26,5 foizga oshgan. Qo‘shma korxonalar esa 4611 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich ham yil davomida 487 taga ko‘paygan.

Xorijiy investorlar ishtirokidagi kompaniyalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilikni saqlab qolmoqda. Hozirda mamlakatda xitoyliklar ishtirokidagi 6060 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb 30 foizini tashkil etadi. So‘nggi bir yil ichida ularning soni 1868 taga yoki 44,5 foizga oshgan.

Ikkinchi o‘rinda 3454 ta kompaniya bilan Rossiya joylashgan. Undan keyin Turkiya 2293 ta kompaniya bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (1307 ta), Janubiy Koreya (725 ta) va Afg‘oniston (685 ta) qayd etilgan.

Shuningdek, Ozarbayjon ishtirokidagi kompaniyalar soni bir yil ichida 59,2 foizga oshib, 473 taga yetdi. Birinchi o‘ntalikdan, shuningdek, BAA, Tojikiston va Hindiston ham o‘rin olgan.

Eng yuqori o‘sish sur’ati esa Pokiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Bir yil ichida pokistonliklar ishtirokidagi kompaniyalar soni 170 tadan 325 tagacha oshib, 91 foizlik o‘sishni qayd etdi.

Faoliyatlar kesimida

Faoliyat sohalari kesimida savdo yetakchilikni saqlab qolmoqda — 7289 ta kompaniya aynan shu tarmoqda ishlaydi. Ikkinchi o‘rinda sanoat sohasi 4031 ta korxona bilan qayd etilgan. Shu bilan birga, IT sohasi ilk bor qurilishni ortda qoldirdi. Hozirda axborot texnologiyalari sohasida 1690 ta, qurilishda esa 1689 ta xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Teglar

Mavzuga oid