add

O‘zbekistondagi xususiy shifoxonalar: Statqo‘m va SSV ma’lumotlaridagi tavofut nimadan?

03.12.2025 | 20:403992 daqiqa

O‘zbekistondagi xususiy shifoxonalar sonida Milliy statistika qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarda tafovutlar borligi ma’lum bo‘ldi. Vaqt.uz aniqlik kiritish uchun mas’ul tashkilotlardan izoh oldi.

O‘zbekistondagi xususiy shifoxonalar: Statqo‘m va SSV ma’lumotlaridagi tavofut nimadan?

2025 yil noyabr oyining o‘zida Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tomonidan 124 ta nodavlat tibbiyot muassasasiga faoliyat boshlashi uchun litsenziya berilgani haqidagi ma’lumotlardan so‘ng, O‘zbekistonda o‘zi qancha nodavlat tibbiyot muassasalari bor, degan savolga javob izladik. Bu bo‘yicha ma’lumot qidirganimizda Milliy statistika qo‘mitasi va SSV axborotlarida tafovut ko‘zga tashlandi.

Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatida (tahririyat: 2024 yil yakuni bo‘yicha) O‘zbekistonda xususiy shifoxonalar soni 1301 tani tashkil etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy Telegram kanalida 2024 yil 22-dekabr kuni joylangan axborotida: «Yurtimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingdan ortdi», deyiladi.

Har ikkala tashkilot ham xususiy shifoxonalar soni haqida ma’lumot berganda bu raqamlar nodavlat klinikalarning ro‘yxatdan o‘tganlarimi yoki ayni damda faoliyat yuritayotganlari ekanligini aniqlashtirmagan. Sababi ro‘yxatdan o‘tkazilgach, faoliyati tugatilgan yoki vaqtincha ishlamay turgan klinikalar ham kuzatilishi mumkin.

Aniqlik kiritish uchun Vaqt.uz muxbiri Milliy statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov bilan bog‘landi. Usmon Abdurasulov qo‘mitaning yuqorida keltirilgan ma’lumotlari to‘g‘ri ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda 2025 yil 1-yanvar holatida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy shifoxona soni 1301 tani tashkil etgan. U.Abdurasulovning Vaqt.uzʼga tushuntirishicha, Milliy statistika qo‘mitasida faqat yotib davolanish uchun koykalari mavjud bo‘lgan xususiy shifoxonalar hisobga olingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev vazirlik e’lon qilgan ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligini ta’kidlab, bu raqamlar prezidentning sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigida ham keltirilganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobidagi xususiy shifoxonalar va poliklinikalarda yotoq o‘rni borlari ham, statsionar davolash muassasalari ham hisobga olingani ma’lum bo‘ldi.

9 mingdan ortiq deb ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan xususiy shifoxonalar nazarda tutilganini aniqlash uchun Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga murojaat qilishimiz lozimligini aytdi.

Afsuski, Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi bilan bog‘lana olmadik.

Teglar

Mavzuga oid