add

O‘zbekistonlik 130 yoshli ayol Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi mumkin

12.09.2025 | 23:0019774

1895 yilda tug‘ilgan Huvaydo Umarova O‘zbekistonning eng keksa fuqarosi deb topildi.

O‘zbekistonlik 130 yoshli ayol Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi mumkin
O‘zbekiston tarixida ilk bor 130 yoshli shaxsning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. 130 yosh Qayd etilishicha, vazirlik tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi davomida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani Adliya bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning “Qoraqum” MFYda amalga oshirilgan xatlovlarda 1895 yilda tug‘ilgan Umarova (Toshmatova) Huvaydoning tug‘ilishi qayd etilmagani aniqlangan. Buvayda tumani Adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining Buvayda tumani “Qoraqum” MFYda o‘tkazgan sayyor sud majlisida Umarova (Toshmatova) Huvaydoning 1895 yil 1 yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilganlik fakti belgilangan. «Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, siz avval ham 130 yoshli Huvaydo momo haqida eshitgansiz, lekin momoning 130 yoshda ekanini isbotlovchi fakt yo‘q edi. Ana endi rasman Umarova Huvaydo momo O‘zbekistondagi eng yoshi ulug‘ inson hisoblanadi. Huvaydo momo Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yoshi ulug‘ inson sifatida ham kiritilishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatamiz», - deyiladi xabarda. Momoning ta’kidlashicha, ularning avlodida bir asrdan ziyod yashaganlar ko‘p bo‘lgan: masalan, momoning otasi Toshmat ota 101 yoshga, tog‘asi Mullaqodir ota 130 yil yashagan bo‘lsa, ammasi Saydiniso ona 125 yil umr ko‘rgan. Huvaydo Umarova 2016 yilda prezident farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Hozirda dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olingan ayol Etel Katerhem hisoblanadi. U 21 avgust kuni o‘zining 116 yoshini nishonlagan. Katerxem 1909 yilning 21 avgustida Xempshir grafligida tug‘ilgan.

Teglar

Mavzuga oid