Logo

O‘zbekistonliklar 15-sentabrdan Tailandga vizasiz borolmaydi

Bugun 20:172 daqiqa

Tailandga sayohat qiluvchi o‘zbekistonliklar uchun amaldagi 60 kunlik vizasiz qolish tartibi o‘zgaradi. Hukumat yangi ro‘yxatni e’lon qildi.

O‘zbekistonliklar 15-sentabrdan Tailandga vizasiz borolmaydi

Tailand hukumati 92 ta davlat, xususan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz rejimni o‘zgartiradi. Yangi tartib 15-sentabrdan kuchga kiradi. Bu haqda «Bangkok Post» xabar berdi.

Yangi ro‘yxatda 60 ta davlat bor, ular Tailandda 30 kungacha vizasiz kira oladi. O‘zbekiston mazkur ro‘yxatga kiritilmagan.

«Royal Gazette»da e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, o‘zgarish Bosh vazir va ichki ishlar vaziri Anutin Charnvirakul tomonidan imzolangan.

Yangi ro‘yxat

Yangi 30 kunlik vizasiz rejim ro‘yxatiga 60 ta davlat kiritilgan. Ular orasida Avstraliya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Turkiya, Ukraina, Buyuk Britaniya, AQSH va Qirg‘iziston bor.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu ro‘yxatdan faqat Qirg‘iziston o‘rin olgan. Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yangi vizasiz ro‘yxatga kiritilmagan.

Quruqlik orqali kiradigan 60 davlat fuqarolari uchun yana bir cheklov joriy etiladi. Ular Tailandga bir yil davomida ikki martadan ortiq quruqlik chegaralari orqali vizasiz kira olmaydi.

Biroq Malayziya, Bruney, Indoneziya va Singapur fuqarolari kabi ayrim davlatlar uchun istisnolar qo‘llanilishi mumkin.

Viza olish tartibi

Tailandning yangi qoidalarida Seyshel va Mavrikiy fuqarolari uchun 15 kungacha vizasiz qolish imkoniyati ham belgilangan.

Ozarboyjon, Belarus va Serbiya fuqarolari esa Tailandga kelganida chegara nazorat punktlarida viza olishi mumkin bo‘ladi.

Tailand 2024 yil iyulida vizasiz qolish muddatini 30 kundan 60 kunga oshirgan va ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘lgan davlatlar sonini 93 taga yetkazgan edi.

Biroq hukumat uzoqroq vizasiz qolish tartibidan noqonuniy faoliyat va «viza-ran» amaliyoti uchun foydalanish holatlari ko‘payganini bildirgan. Shu sababli vizasiz qolish muddati yana 30 kunga qisqartirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid