add

O‘zbekistonliklar noyabr oyini qanday ob-havoda o‘tkazadi?

Kecha 17:1013622

O‘zgidromet noyabrda kutilayotgan ob-havo prognozlarini e’lon qildi. Oyning birinchi haftasidayoq havo harorati keskin sovib ketishi kutilmoqda.

O‘zbekistonliklar noyabr oyini qanday ob-havoda o‘tkazadi?

2025 yil noyabr oyida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha havo harorati me’yordan +1…+1,5 daraja past bo‘ladi. Bu yil noyabr oyi o‘tgan yildagidan ancha sovuqroq kechishi kutilmoqda, deya ma’lumot bermoqda O‘zgidromet.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabrda havo harorati oktyabrga nisbatan 6–9 daraja past bo‘ladi. Oyning ilk kunlaridayoq ayrim hududlarga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi.

3–5 noyabr kunlari viloyatlarning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda esa qorga aylanishi kutilmoqda.

4–7 noyabr kunlari havo keskin sovishi ehtimol qilinmoqda, kechasi harorat +0…+3 darajadan ayrim joylarda 0...–3 darajagacha, kunduzi esa +8…+13 darajagacha pasayishi mumkin.

Keyinchalik, oyning qolgan qismida harorat nisbatan barqaror bo‘lib, kechasi –3…+5 darajadan, kunduzi +10…+20 darajagacha o‘zgarib turadi.

Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘lishi kutilmoqda.

Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi, baland tog‘larda oy oxiriga kelib qor balandligi 25–40 santimetrga yetishi mumkin.

Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, tarixdagi eng past noyabr harorati –24 darajagacha, shimolda esa –31 darajagacha tushgan.

Biroq so‘nggi yillarda bunday qattiq sovuqlar kuzatilmagan — 2016 va 2020 yillarda qayd etilgan eng past harorat –10…–15 darajani tashkil etgan.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston va Ustyurt hududlarida 2006 va 2016–2020 yillarda havo harorati –21…–28 darajagacha pasaygan holatlar kuzatilgan.

2023 yil esa aksincha, meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq noyabr bo‘lib, o‘rtacha harorat me’yordan 3–6 daraja yuqori bo‘lgan.

Shu bilan birga, meteorologik ma’lumotlar 2025 yilning noyabr oyida havo haroratining pasayish tendensiyasi kuchayganini ko‘rsatadi. Demak, bu yilgi sovuq havo o‘zini yana sezdiradi, ayniqsa oyning ilk haftasida mamlakat bo‘ylab yomg‘ir va qor kuzatilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid