add

O‘zbekistonliklar yarim yilda banklarga 9 mlrd dollardan ortiq valyuta sotdi

18.07.2025 | 10:3025023

2025 yilning birinchi yarmida aholi tomonidan banklarga 9,1 mlrd dollar sotildi. Onlayn valyuta operatsiyalari ulushi keskin o‘sdi va umumiy aylanma 14,5 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekistonliklar yarim yilda banklarga 9 mlrd dollardan ortiq valyuta sotdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda banklar va aholi o‘rtasida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi 14,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘pdir. Shu davr mobaynida aholi banklarga jami 9,1 mlrd dollar sotgan. I chorakda 4 mlrd dollar, II chorakda esa 5,1 mlrd dollar valyuta topshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga oshganini anglatadi. Jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan valyuta hajmi ham ortib, 5,4 mlrd dollarni tashkil etdi. I chorakda 2,4 mlrd dollar, II chorakda esa qariyb 3 mlrd dollar xorijiy valyuta banklardan xarid qilindi. Oldi-sotdi operatsiyalarining 41 foizi onlayn xizmatlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 36 foizga o‘sgan. Ayirboshlash shoxobchalari orqali 8,4 mlrd dollar (58 foiz) aylanma qayd etilgan bo‘lsa, 252 mln dollari bankomatlar orqali amalga oshirilgan. Markaziy bank ta’kidlashicha, aholidan sotib olingan valyuta hajmi, sotilganidan 3,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘lib, bu ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbasi sifatida xizmat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid