
O‘zbekistonliklarga Turkiya klinikalarida bepul davolanishga kvota beriladi — TIV
Ikki davlat o‘rtasidagi yangi kelishuvga ko‘ra, har yili maxsus kvota asosida turkiyalik shifoxonalarda bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston fuqarolari endilikda Turkiya tibbiyot muassasalarida bepul yuqori malakali tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida imzolangan hukumatlararo kelishuv asosida amalga oshiriladi. Hujjatga ko‘ra, har yili belgilangan maxsus kvota doirasida o‘zbekistonlik bemorlar turkiyalik klinikalarda davolanishi mumkin.
Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi departament boshlig‘i Amir Sultonov O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv tibbiy xizmatlar sohasida ikki davlat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qo‘shma bayonot imzoladi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Shuningdek, har tomonlama strategik sheriklik mexanizmlari to‘g‘risida qaror qabul qilinib, doimiy qo‘shma qo‘mitalar tashkil etish hamda amaliy ahamiyatga ega tizimli loyihalarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutildi. Muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa transport sohasiga alohida e’tibor qaratildi.
Konteyner poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi
Xususan, O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya yo‘nalishi bo‘yicha konteyner poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu eksport-import jarayonlarini tezlashtirish va tadbirkorlar uchun Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tomonlar maxsus iqtisodiy zonalar sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu O‘zbekistonga Turkiyadan investitsiya va zamonaviy texnologiyalar jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
29-yanvar kuni O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Anqarada Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Ular Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risida qaror imzoladi. Hukumatlar va idoralar o‘rtasida bir qator hujjatlar imzolandi.
Davlat rahbarlari Hatay viloyatida joylashgan «O‘zbekiston» turar joy majmuasi ochilish marosimida ham ishtirok etdi. 2023-yildagi zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun qurilgan ushbu majmua 300 dan ortiq kvartirali 24 ta binodan iborat. Istanbulda o‘zbek maktabi qurilishi ham boshlandi.





