
Poliklinikalarda ayrim xizmatlar pulli bo‘ladimi?
02.08.2025 | 21:0029123
Senat Oilaviy poliklinikalarda ayrim tibbiy xizmatlarni pulli asosda ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokamadan so‘ng qayta ko‘rib chiqish uchun qaytardi. Qonun aholiga kafolatlangan tibbiy yordamdan tashqari xizmatlarni tartibga solish va tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonunga ko‘ra, oliy yoki o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotga ega va davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslargina tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin. Shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida kafolatlangan yordamdan ortiqcha xizmatlar pulli bo‘lishi belgilangan.
Senatorlar muhokama paytida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini aniq belgilash, uning maqsad va asoslarini, ro‘yxatdan chiqarish shartlarini va aholiga ochiq bo‘lishini qonun darajasida kiritish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ma’muriy tartib-taomillar yo‘qligi korrupsiyaga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.
Shu asosda, Senat ushbu qonunni to‘liq va puxta qayta ishlab chiqish zarur, deb hisobladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda kafolatlangan yordam ro‘yxatiga oilaviy poliklinikalarda 28 tur diagnostika, 22 tur laborator tahlil, 138 xil dori vositalari, 57 tur tibbiy buyumlar va keng tarqalgan 110 ta tashxis, shuningdek, markaziy shifoxonalarda 27 tur operatsiya va 257 ta tashxis davlat hisobidan bepul kiritilgan.





