Ponidan gektakorngacha: startaplar qanday baholanadi?
Vaqt.uz kolumnisti 10 milliondan 100 milliard dollargacha baholanadigan startaplar qanday toifalarga ajratilishi hamda ular o‘rtasidagi farqlarni sodda va tushunarli tarzda izohlaydi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda startap, investitsiya, IPO, unikorn kabi atamalar kundalik lug‘atning bir qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, biror kompaniya yirik investitsiya jalb qilsa yoki milliard dollarga baholansa, darhol «unikorn bo‘ldi» degan xabarlar ko‘zga tashlanadi. Xo‘sh, unikorn nima? Undan ham yuqori pog‘onalar bormi?
Aslida startaplar investitsiya dunyosida bozor qiymatiga qarab bir necha toifaga ajratiladi. Keling, ularni ketma-ket ko‘rib chiqaylik.
Poni — ilk katta marraga chiqqan startap
Bozor qiymati 10 million dollardan oshgan xususiy startaplar poni (pony) deb ataladi. Har yili minglab startaplar tashkil etiladi, biroq ularning juda oz qismi 10 million dollarlik bahoga erisha oladi. Shu sababli investorlar nazarida aynan shu bosqich kompaniyaning ilk jiddiy muvaffaqiyati hisoblanadi.
Kentavr — yuz million dollarlik kompaniya
Bozor qiymati 100 million dollardan oshgan xususiy startaplar kentavr (centaur) deb ataladi. Bunday kompaniyalar odatda mahsuloti bozor sinovidan o‘tgan, daromad modeli shakllangan va tez sur’atlarda o‘sayotgan biznes bo‘ladi. Investorlar uchun bu bosqich kompaniyaning global o‘yinchiga aylanish salohiyatini ko‘rsatuvchi muhim mezondir.

Unikorn — milliard dollarlik afsona
Bozor qiymati 1 milliard dollardan oshgan, biroq hali IPO qilmagan xususiy kompaniyalar unikorn (unicorn) deb ataladi. Ushbu atamani ilk bor 2013-yilda «Cowboy Ventures» asoschisi, amerikalik venchur kapitalist Eylin Li qo‘llagan. O‘sha paytda milliard dollarlik startaplar shu qadar kam ediki, u ularni afsonaviy mavjudot — unikornga qiyoslagan. Li hisob-kitobiga ko‘ra, o‘sha davrda dunyoda atigi 39 ta shunday kompaniya mavjud bo‘lib, ular venchur investitsiya olgan startaplarning bor-yo‘g‘i 0,07 foizini tashkil etgan.
Bugungi kunga kelib esa OpenAI, Canva, Revolut, Discord va Notion kabi kompaniyalar ushbu toifaga kiradi. O‘zbekistonda esa Uzum va TBC Bank milliard dollarlik baholovga erishgan kompaniyalar sifatida tilga olinadi.
Dekakorn — o‘n milliardlik gigant
Bozor qiymati 10 milliard dollardan oshgan xususiy startaplar dekakorn (decacorn) deb ataladi. Bu bosqichga yetgan kompaniyalar odatda o‘z bozorida yetakchiga aylangan, millionlab foydalanuvchilarga ega va xalqaro miqyosda faoliyat yuritadi. Stripe, Canva va Databricks bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Gektakorn — eng yuqori liga
Bozor qiymati 100 milliard dollardan oshgan xususiy kompaniyalar gektakorn (hectocorn) deb ataladi. Bunday kompaniyalar juda kam uchraydi. 2025-yil holatiga ko‘ra, OpenAI, SpaceX, ByteDance (TikTok egasi), Anthropic, Ant Group hamda Reliance Retail ana shunday kompaniyalar qatoridan joy olgan. Ular nafaqat 100 milliard dollardan ortiq qiymatga ega, balki butun boshli sanoat yo‘nalishlarini o‘zgartirayotgan texnologik gigantlar ham hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, yuqoridagi barcha toifalar faqat xususiy kompaniyalar uchun amal qiladi. Startap IPO orqali fond birjasiga chiqib, ommaviy kompaniyaga aylangach, u endi unikorn, dekakorn yoki gektakorn sifatida tasniflanmaydi. Sababi, kompaniyaning qiymati endi xususiy investorlar emas, balki ochiq fond bozori tomonidan shakllantiriladi.




