
Profilaktika inspektorining uyidagi giyohvandlik laboratoriyasi fosh etildi
14.10.2025 | 10:0029823
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkentda ichki ishlar inspektori o‘z xizmat xonadonida yashirin narkolaboratoriya tashkil etganini aniqladi. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov ishlari boshlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektori o‘z xizmat xonadonida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Kuzatuv asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xizmat xonasida narkolaboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi. Tekshiruv jarayonida umumiy og‘irligi 10 kilogramm 500 gramm «Alfa-PVP» va 4 gramm «Spays» sintetik moddalari, shuningdek, 588 gramm suyuqlik, elektron tarozilar va laboratoriya asbob-uskunalari topilgan. Barcha narsalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergov jarayonida inspektorning Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. U yerda yerga ko‘mib qo‘yilgan 430 grammga yaqin «Alfa-PVP» moddasi topildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar xodimi Telegram orqali faoliyat yurituvchi narkosavdo profili egasi bilan bog‘langan holda ish yuritgan. U kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga kirib kelgan moddalarni qabul qilib, yashirin laboratoriyada qayta ishlab tarqatgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25, 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini tayyorlash va tarqatish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunga ko‘ra, giyohvand moddalarni ko‘p miqdorda tarqatish 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.





