add

Putin: «Rossiya javob zarbasiga tayyor va strategik tahdidlardan cho‘chimaydi»

23.09.2025 | 08:4540453

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakat har qanday strategik xavf-xatarga javob berishga tayyorligini ta’kidladi.

Putin: «Rossiya javob zarbasiga tayyor va strategik tahdidlardan cho‘chimaydi»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qator bayonotlar bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, strategik barqarorlik sohasida vaziyat tobora yomonlashmoqda va bunda G‘arbning «vayronkor qadamlari» asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Putinning ta’kidlashicha, yadroviy qurolga ega davlatlar o‘rtasidagi muloqotning poydevori jiddiy ravishda izdan chiqqan. «Rossiya bir necha bor strategik barqarorlik muammolari haqida ogohlantirgan, ammo G‘arb bunday ogohlantirishlarga quloq solmagan», — dedi u. Davlat rahbari AQSH bilan raketa-yadroviy va strategik himoyaviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha tuzilgan kelishuvlar deyarli to‘liq yo‘q qilinganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hozir o‘zining tiyib turuvchi kuchlariga ishonch bildirmoqda va ular samarali hamda ishonchli hisoblanadi. Putinning aytishicha, Moskva raketa-yadroviy qurollarni joylashtirishda moratoriydan voz kechishga majbur bo‘lgan, biroq Rossiya qurollanish poygasidan manfaatdor emas. Shu bilan birga, u Strategik hujum qurollari-3 shartnomasini saqlab qolish muhimligini qayd etdi va uning bekor qilinishi katta xato bo‘lishini bildirdi. Rossiya prezidenti AQSHga amaliy taklif ham kiritdi: agar Vashington ham shunga rozi bo‘lsa, Moskva kelishuvda nazarda tutilgan miqdoriy cheklovlarga rioya qilishda davom etadi. Putinga ko‘ra, Rossiya shartnoma kuchini yo‘qotgandan keyin ham bir yil davomida undagi talablarni bajarishga tayyor.

Teglar

Mavzuga oid

Putin: «Rossiya javob zarbasiga tayyor va strategik tahdidlardan cho‘chimaydi» | Vaqt.uz