
Qirg‘iziston ta’lim vaziri mast holda mashina boshqargani uchun ishdan olindi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov fan va ta’lim vaziri Baxtiyor O‘rozovni «davlat xizmatchisi etikasiga rioya qilmagani» uchun lavozimidan ozod qildi.

Qirg‘iziston fan, oliy ta’lim va innovatsiya vaziri Baxtiyor O‘rozov «davlat va munitsipal xodimlarning etika me’yorlarga rioya qilmagani uchun» lavozimidan ozod qilindi. Ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmon 15-dekabr kuni imzolanib, shu kuni davlat rahbarining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Kaktus.media nashrining yozishicha, Baxtiyor O‘rozov ishdan bo‘shatilishidan bir kun oldin Chuy viloyatining Qoy-Tosh qishlog‘ida mast holda avtomobil boshqargani uchun qo‘lga olingan. Ushbu ma’lumot keyinchalik viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ham tasdiqlangan.
«Tekshiruv davomida haydovchida alkogol mastligi belgilari kuzatildi. Shuning uchun u Bishkek markaziy narkologiya bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuborildi va uning alkogol iste’mol qilgani tasdiqlandi. Haydovchiga nisbatan Huquqbuzarlik kodeksining 193-moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzildi. Avtomobil ixtisoslashtirilgan jarima maydonchasiga joylashtirildi», — deyiladi tashkilot xabarida.
Kaktus.media tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda Baxtiyor O‘rozovning o‘zi ham pivo ichganini tan olgani aks etgan. Bu holat jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyati masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor O‘rozov 2025 yil may oyidan buyon Qirg‘iziston fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.





