Logo

Qo‘shni davlatlarda pensiya yoshi qanday shakllangan?

Bugun 18:564 daqiqa

O‘zbekistonda pensiya yoshi 2028-yildan boshlab bosqichma-bosqich oshirilib, 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun esa 58 yosh etib belgilanishi mumkin. Vaqt.uz navbatdagi maqolasida qo‘shni davlatlardagi pensiya tayinlanishi va belgilangan yosh chegaralarini o‘rgandi.

Qo‘shni davlatlarda pensiya yoshi qanday shakllangan?

O‘zbekistonda umumiy pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oydan oshirib borish rejalashtirilmoqda.

Amalda umumiy asoslarda yoshga doir pensiya olish huquqi erkaklarda 60 yoshdan, ayollarda 55 yoshdan boshlanadi. Taklif amalga oshsa, 2039-yilga kelib bu chegara erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, 2027-yildan umumiy belgilangan yoshni bir yilga qisqartirib pensiya tayinlash tartibini bekor qilish ham taklif etilmoqda.

Loyiha mualliflari o‘zgarishni aholining umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotgani hamda fuqarolarning pensiya tizimida ishtirok etish davri bilan pensiya to‘lovlarini olish davri o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda.

Bu hali amaldagi qoida emas, hozircha taklif. Shuning uchun yakuniy ko‘rsatkichlar qonunchilikda qanday ko‘rinish olishi muhokama natijalariga bog‘liq. Ammo qo‘shni davlatlarda pensiyaga chiqish yoshi qanday shakllangan?

Qozog‘istonda ayollar pensiya yoshi 58 yoshdan 63 yoshgacha oshirilmoqda

Qozog‘iston ham O‘zbekiston kabi pensiya yoshini sekin-astalik bilan oshirishni tanlagan.

Qozog‘istonda erkaklar 63 yoshda, ayollar esa 61 yoshda umumiy tartibda pensiyaga chiqadi. Ayollar uchun 61 yosh chegarasi 2023–2027-yillarda saqlanadi.

Bu vaqtgacha erkaklar va ayollar uchun pensiya yoshi turli yillar davomida oshirilgan. Masalan, Qozog‘istonda erkaklar uchun pensiya yoshi 1998–2003-yillar davomida 60 yoshdan 63 yoshgacha bosqichma-bosqich oshirildi.

Ayollar uchun esa pensiya yoshini oshirish 2018-yildan boshlandi. Dastlab 58,5 yoshdan boshlangan jarayon har yili olti oyga oshirib borilib, 2023-yilda 61 yoshga yetishi, 2027-yilda esa 63 yosh bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Biroq 2023-yildan boshlab bu oshirish vaqtincha to‘xtatilib, 2023–2027-yillarda ayollar uchun pensiya yoshi 61 yosh darajasida saqlanadigan bo‘ldi. Shu sababli dastlabki rejadagi 2024–2027-yillar uchun 61,5–63 yosh ko‘rsatkichlarga amal qilinmayapti.

2028-yildan esa ilgari boshlangan oshirish jarayoni qayta davom ettiriladi. Xususan, 2028-yilda — 61,5, 2029-yilda — 62, 2030-yilda — 62,5 va 2031-yildan 63 yosh bo‘lishi kutilmoqda.

Qirg‘izistonda 63 va 58 yosh saqlanmoqda

Qirg‘izistonda umumiy tartibda erkaklar 63 yoshda, ayollar esa 58 yoshda pensiyaga chiqadi. Bu ko‘rsatkich 2026-yilda ham o‘zgarmagan. Mamlakat Ijtimoiy fondining rasmiy ma’lumotida ham aynan 63 va 58 yosh ko‘rsatilgan.

Tarixan esa Qirg‘izistonda pensiya yoshi 60/55 darajasidan 63/58 gacha bosqichma-bosqich oshirilgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu jarayon 1999–2007-yillar davomida amalga oshirilgan.

Shunga qaramay, mamlakatda pensiya olish uchun talab qilinadigan sug‘urta staji oshirilmoqda. 2024-yil o‘rtasidan 5 yillik talab joriy etilgan va u 2045-yilgacha har yili oshirilib, 20 yilga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Tojikistonda yangi pensiya islohoti rejalashtirilmayapti

Rasmiy manbalarda keltirilishicha, Tojikistonda hozir erkaklar 63 yoshda, ayollar 58 yoshda pensiyaga chiqishi belgilangan.

Mamlakatning 1993-yilgi qonunchiligida nazarda tutilgan bosqichlarga ko‘ra, 2001-yil 1-iyuldan pensiya yoshi erkaklar uchun 61, ayollar uchun 56 yosh, 2002-yildan 62/57 yosh va 2003-yildan 63/58 yosh etib belgilanib, bugungacha saqlanib qolgan.

Hozircha Tojikistonda pensiya yoshini yana oshirish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.

Turkmanistonda pensiya yoshi 62 va 57 yosh darajasida qolgan

Turkmanistonda umumiy tartibda erkaklar 62 yoshda, ayollar esa 57 yoshda pensiyaga chiqadi. Mamlakat Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, pensiya tayinlanishi uchun fuqaro majburiy pensiya sug‘urtasi tizimida kamida 5 yil ishtirok etgan bo‘lishi kerak.

Turkmanistonda ham yaqin yillarda pensiya yoshi o‘zgarishi haqida biror asos yo‘q.

Kelgusida manzara qanday o‘zgaradi?

rasm

Markaziy Osiyoda erkaklar uchun eng yuqori umumiy pensiya yoshi 63 yosh bo‘lib, bu ko‘rsatkich Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda amal qilmoqda. Ayollar bo‘yicha esa hozirgi eng yuqori chegara 61 yosh bilan Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi.

Agar davlatlarning hozirgi qoidalari va e’lon qilingan rejalari o‘zgarmasa, yaqin yillarda mintaqadagi eng yuqori pensiya yoshi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi. 2031-yildan bu mamlakatda erkaklar ham, ayollar ham 63 yoshda pensiyaga chiqishi kutilmoqda.

O‘zbekistondagi taklif to‘liq amalga oshsa, mamlakat ham 2039-yilga borib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh ko‘rsatkichiga yetadi. Bu erkaklar bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi amaldagi 63 yosh bilan tenglashadi. Ayollar bo‘yicha esa O‘zbekistonning 58 yoshlik ko‘rsatkichi Qozog‘istonning 2031-yildan belgilangan 63 yoshidan 5 yilga past darajada qoladi.

Boshqa jihatdan mamlakatlarni faqat pensiya yoshi bilan solishtirish vaziyatni to‘liq ochiqlamaydi. Qirg‘izistonda, masalan, pensiya yoshi o‘zgarmayotgan bo‘lsa ham, pensiya olish uchun zarur sug‘urta staji bosqichma-bosqich oshirilmoqda va 2045-yilga borib 20 yilga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Maftuna Yaxshilikova

Maftuna YaxshilikovaMaqolalar soni: 185

Barchasi