Logo

Qozog‘iston O‘zbekiston fuqarolari uchun ETA tizimini joriy qiladi

1-noyabrdan boshlab Qozog‘istonga samolyotda kiruvchi O‘zbekiston fuqarolari elektron ruxsatnoma olishi kerak bo‘ladi. Keyinchalik talab avtomobil, temiryo‘l va dengiz transportida keluvchilarga ham tatbiq etiladi.

Qozog‘iston O‘zbekiston fuqarolari uchun ETA tizimini joriy qiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Qozog‘iston vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishda elektron ruxsatnoma — Electronic Travel Authorization (ETA) tizimini bosqichma-bosqich joriy qilmoqda. Yangi tartib O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli.

Elektron ruxsatnoma QazETA raqamli platformasi orqali rasmiylashtiriladi. Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, arizani safardan kamida 72 soat oldin topshirish tavsiya etiladi. Ruxsatnoma 180 kun amal qiladi.

QazETA qabul qilinadigan hujjatlar ro‘yxatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining ID-kartalari ham alohida ko‘rsatilgan.

Yangi tizim 25-avgustdan 1-noyabrga qadar sinov tariqasida ishlaydi. Bu davrda ETA olmagan xorijliklarning Qozog‘istonga kirishi rad etilmaydi. Biroq ularga keyingi safarlarda elektron ruxsatnoma talab qilinishi haqida ogohlantiriladi.

ETA qaysi sanadan majburiy bo‘ladi?

1-noyabrdan elektron ruxsatnoma Qozog‘istonga samolyot orqali kiruvchilar uchun majburiy bo‘ladi. ETA’si bo‘lmagan yo‘lovchilarni aviakompaniyalar reysga chiqarmasligi belgilangan.

15-noyabrdan talab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi chegaralaridagi avtomobil o‘tkazish punktlariga ham tatbiq etiladi. Bu Qozog‘istonning Xitoy, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan chegaralarini qamrab oladi.

Shu tariqa, O‘zbekistondan Qozog‘istonga avtomobil yoki avtobusda kiruvchilar ham 15-noyabrdan ETA rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.

30-noyabrdan elektron ruxsatnoma talabi Qozog‘istonning Rossiya va Qirg‘iziston bilan avtomobil chegaralariga, 15-dekabrdan esa temiryo‘l va dengiz transporti orqali kiruvchilarga ham joriy etiladi.

Serbiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ETA’ni oldindan rasmiylashtirish narxi taxminan 3 900 tenge, chegarada ariza berish esa 7 800 tenge bo‘lishi kutilmoqda.

Elektron ruxsatnoma joriy qilinishi Qozog‘iston bilan amaldagi vizasiz rejimni bekor qilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid